Sport | 17:17 / 24.09.2018
11980
12 daqiqa o‘qiladi

«Liverpul»ning rekordi va «Chelsi»ning to‘xtatilishi. Angliyada tur yakunlari

Angliya chempionatida 6-tur o‘yinlari yakunlandi. 5 turdan keyin turnir jadvalida «Liverpul» va «Chelsi» bir xil natija ko‘rsatgan holda qo‘shhokimlik o‘rnatishgandi. Bu turda «Liverpul» g‘alabali seriyasini davom ettirdi va o‘zining tarixiy rekordini o‘rnatdi. «Chelsi» esa «Vest Hem»ga qarshi London derbisida g‘alaba qozona olmasdan, turnir jadvalida «Liverpul»dan ham, «Manchester Siti»dan ham ortda qolib ketdi.

Klopp va Agueroning rekordli g‘alabalari
«Liverpul» – «Sauthempton» 3:0 (3:0, 0:0)
Gollar: 1:0 – 10, avtogol Xudt, 2:0 – 21 Matip, 3:0 – 45 Saloh.
«Liverpul» – Alisson, Aleksander-Arnold, Matip, van Deyk (Gomes, 55), Robertson, Veynaldum (Keyta, 70), Henderson, Mane, Shakiri (Milner, 46), Firmino, Saloh.
«Sauthempton» – Makkarti, Soaresh, Vestergor, Hudt, Bertran, Romeu (Bednarek, 55), Redmond, Heyberg, Lemina, Targett (Armstrong, 55), Long (Ostin, 79).
Ogohlantirishlar: Romeu (34), Lemina (56).

Yurgen Klopp murabbiylik faoliyatidagi yubiley - 600-uchrashuvida g‘alaba qozondi va «Liverpul» tarixiga ham kirdi. Ushbu germaniyalik mutaxassis mavsumni qatorasiga 7 uchrashuvda g‘alaba qozonish orqali (Angliya chempionatining 6 turidan tashqari, Chempionlar ligasi guruh bosqichi 1-turi uchrashuvi ham qo‘shib hisoblanganda), mersisaydliklar klubining afsonaviy murabbiyi Bill Shenklini ortda qoldirdi. Jamoaning yangi futbolchilari navbatdagi g‘alabani kafolatlashdi.

Klopp tig‘iz taqvim tufayli rotatsiyalar amalga oshirgandi. Himoyachi Matip o‘zi gol urdi. Shaqiri esa ikki golda ishtirok etdi. Birinchi vaziyatda uning zarbasi «Sauthempton» himoyachisi Hudt orqali darvozaga kirdi. Ikkinchi vaziyatda u jarima nuqtasidan bergan zarbasidan keyin to‘p darvoza to‘sinidan qaytdi va unga birinchi bo‘lib yetib kelgan Saloh hisobni yirik ko‘rinishga yetkazdi. Misrlik futbolchi «Enfild»da 30-golini urdi. Unga buning uchun 31 o‘yinda maydonga tushish yetarli bo‘ldi.

«Manchester Yunayted» – «Vulverhempton» 1:1 (1:0, 0:1)
Gollar: 1:0 – 18 Fred, 1:1 – 53 Moutinyu.
«Manchester Yunayted» – De Xea, Valensiya, Smolling, Lindelef, Shou, Pogba, Fellayni, Fred (Marsyal, 63), Lingard (Pereyra, 75), Lukaku, Sanches (Mata, 63).
«Vulverhempton» – Ruy Patrisiu, Bennett, Koudi, Boli, Doerti, Moutinyu (Saiss, 80), Ruben Nevesh, Kastro, Elder Koshta (Traore, 75), Diogu Jota (Gibbs-Uayt, 87), Ximenes.
Ogohlantirishlar: Shou (40), Ruben Nevesh (61).

Bu o‘yindagi asosiy voqea o‘yindan oldin bo‘lib o‘tdi. Shu kuni jamoaning afsonaviy murabbiyi ser Aleks Fergyuson «Old Trafford»ga qaytdi. «Qizil iblislar» jamoasi muxlislari xastalikdan keyin sog‘ayib, yana stadionga qaytgan murabbiyni tik turib olqishlashdi.

Fred ser Aleksning qaytishiga «MYu»da gollar hisobini ochdi. U «MYu» safida rasmiy o‘yinlarda gol urgan 500-futbolchi bo‘ldi. Ammo Joze Mourino uchun haqiqiy bayram ro‘y bermadi. Portugaliyalik faxriy futbolchi Joau Moutino o‘tgan yilning noyabridan buyon klublar darajasidagi ilk golini urdi va jamoasiga ochko keltirdi. Manchester jamoasida Aleksis Sanchesning o‘yini ochilmayapti. U Premer-ligadagi o‘yinlarda 831 daqiqani golsiz o‘tkazdi. Ushbu durang natijada mehmonlar jamoasi darvozaboni Ruy Patrisiuning qo‘li bor. Aynan uning qo‘llari tur sensatsiyasini yaratdi.

«Kardiff» – «Manchester Siti» 0:5 (0:3, 0:2)
Gollar: 0:1 – 32 Aguero, 0:2 – 35 Bernardu Silva, 0:3 – 44 Gundo‘g‘an, 0:4 – 67 Mahrez, 0:5 – 89 Mahrez.
«Kardiff» – Eteridj, Pelter (Richards, 51), Morrison, Manga, Kanningem, Xoylett (Merfi, 75), Kamarasa, Rolls, Arter, Rid, Uord (Zoxore, 63).
«Manchester Siti» – Ederson, Uoker, Otamendi, Laport, Delf, Bernardu Silva, Fernandino (Stounz, 74), Gundo‘g‘an (Foden, 69), Sterling, Aguero (Mahrez, 61), Sane.
Ogohlantirishlar: Rolls (45), Fernandino (60).

Chempion rejadagi g‘alabani rasmiylashtirdi. Birinchi gol shu kuni yangi shartnomaga imzo qo‘ygan Serxio Aguero tomonidan urildi. Bu golli o‘yin uning «shaharliklar» jamoasi libosidagi yubiley 300-o‘yin edi. Barcha turnirlar hisobga olinsa, argentinalik hujumchi «Siti» uchun urgan gollar soni 205taga yetdi. Shundan 147 gol Angliya chempionati o‘yinlariga to‘g‘ri keladi. Bu natija orqali Aguero Angliya chempionati tarixidagi to‘purarlar ro‘yxatida Teddi Sheringemni ortda qoldirib, 10-o‘ringa ko‘tarildi. To‘qqizinchi o‘rindagi Les Ferdinanadni quvib yetish uchun yana ikki gol urish kifoya qiladi. Yana 3 gol bilan esa u Frenk Lempardga tenglashib olishi mumkin. 

Aguero uelsliklar jamoasini «tor-mor» etishni boshlab berdi. Ayniqsa Gundo‘g‘anning goli o‘ziga xos bo‘ldi.

Mahrez esa zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, ilk golini va dublni nishonladi.

«Brayton» – «Tottenhem» 1:2 (0:1, 1:1)
Gollar: 0:1 – 42, penalti Keyn, 0:2 – 76 Lamela, 1:2 – 90 Knokert.
«Brayton» – Rayan, Montoyya, Daffi, Dank, Bong, Stivens (Kayyal, 21), Knokert, Propper, Bissuma (Lokadiya, 79), March (Jahonbaxsh, 73), Myurrey.
«Tottenhem» – Gassaniga, Tripper, Alderveyreld, Vertongen, Rouz, Dayyer, Dembele, Son Xin Min (Lamela, 68), Eriksen, Lukas Moura (Alli, 78), Keyn.
Ogohlantirishlar: Tripper (49), Kayyal (61), Bissuma (74).

Qatorasiga uch uchrashuvdagi mag‘lubiyatga qaramasdan, Maurisio Pochettino xotirjamlik bilan ishlashda davom etmoqda. «Shporlar» ham murabbiyni ranjitishmadi. Harri Keyn hisobni ochdi va klubdagi 143-goli bilan klub to‘purarlari reytingida Defoni ortda qoldirgan holda beshinchi o‘ringa chiqdi. Lamela mavsumni yuqori notada davom ettirmoqda. Avvalgi mavsumlarda jami 4 gol urgan futbolchi (u ko‘p vaqtni jarohatlar tufayli o‘ynamasdan o‘tkazgan) joriy mavsum startida 4 gol urishga ulgurdi.

Sarri g‘alabali seriyasini to‘xtatdi
«Vest Hem» – «Chelsi» - 0:0
«Vest Hem» – Fabianski, Sabaleta, Diop, Balbuena, Masuaku, Nobl (Sanches, 85), Rays, Obiang, Yarmolenko, Antonio (Peres, 65), Felipe Anderson (Snodgrass, 74).
«Chelsi» – Arrisabalaga, Aspilikueta, Ryudiger (Keyxill, 69), David Luiz, Alonso, Kante, Jorjino, Kovachich (Barkli, 79), Villian, Jiru (Morata, 65), Azar.
Ogohlantirishlar: Kante (50), Felipe Anderson (52), Snodgrass (90).

Bir hafta muqaddam Manuel Pellegrini 65 yoshga chiqqan kunida «bolg‘achilar» bilan ilk g‘alabasiga erishgandi. Ammo «Everton»ga qarshi o‘yin qahramonlaridan biri Arnautovich jarohat tufayli safdan chiqdi. Avstriyalik futbolchi o‘rnini London derbisida Antonio egalladi. Maydon egalari kuchli raqibga qarshi o‘yinni himoyada o‘tkazdi va qarshi hujum uchun vaqt poyladi. O‘yinda ustunlik qilgan londonliklar bir necha golli imkoniyatlardan foydalana olmadi. Vaziyatlardan birida Morataning yaqin masofadan bergan zarbasini Fabyanski yuzi bilan to‘sib qoldi.

«Vest Hem» safida Yarmolenko faol o‘ynadi. Ammo u ham yaqqol golli vaziyatni yo‘qqa chiqardi.

O‘yin oxirida Barkli ham qulay vaziyatdan foydalan olmadi - Fabyanski yana bir super-seyv amalga oshirib, jamoani mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. «Chelsi» o‘yin davomida to‘pga egalik qilish bo‘yicha 72 foizlik ustunlikka erishdi, Jorjino 180ta aniq pas uzatib, APLda keyingi 15 yildagi eng yaxshi natijani qayd etdi, ammo jamoa g‘alaba qozona olmadi.

Endi Sarri shogirdlari keyingi turda «Liverpul» bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri birinchi o‘rin uchun kurash olib boradi. Undan oldinroq esa bu ikki jamoa Angliya ligasi kubogi doirasida to‘qnashadi.

«Arsenal» – «Everton» 2:0 (0:0, 2:0)
Gollar: 1:0 – 56 Lyakazett, 2:0 – 59 Obameyang.
«Arsenal» – Chex, Bellerin, Mustafi, Papastatopulos (Holding, 39), Monreal, Torreyra, Chaka, O‘zil, Remzi (Uelbek, 80), Obameyang (Ivobi, 69), Lyakazett.
«Everton» – Pikford, Kenni, Kin, Zuma, Din, Guyye, Devis, Uolkott (Bernard, 72), Sigurdsson, Risharlison, Kelvert-Lyuin (Tosun, 72).
Ogohlantirishlar: Torreyra (15), Din (27), Papastatopulos (30).

Unai Emeri o‘tgan hafta o‘rtasida Yevropa Ligasi doirasida «Vorskla»ga qarshi o‘yindagi tarkibda 7ta o‘zgarish qildi va ilk marta Lukas Torreyrani boshlang‘ich tarkibga kiritdi. «Kanonirlar» o‘yinda to‘pga egalik qilishdi, ammo «irislar» ham jiddiy qarshilik ko‘rsatishdi. Ko‘p vaziyatlarda Chex jamoani qutqardi. Lyakazettning goli o‘yin bezagiga aylandi.

Fransiyalik hujumchining golidan keyin liverpulliklar hujumga o‘tishdi. Hujum muvaffaqiyatsiz yakunlanib, mezbonlar qarshi hujumga chiqishdi va darhol hisob o‘zgardi. Bu safar «Arsenal»ning ikkinchi hujumchisi Per-Emerik Obameyang to‘pni aylantirib, raqib darvozasining uzoq burchagiga yo‘lladi - 2:0.

Qayd etish kerakki, bu o‘yindan keyin «Arsenal»-«Everton» juftligi Angliya premer-ligasi tarixidagi eng sermahsul juftlikka aylandi. Bu jamoalarning o‘zaro o‘yinlarida darvozalarga jami 153ta gol urilgan. 

Qatorasiga to‘rtinchi g‘alaba evaziga ochkolari sonini 12taga yetkazgan Unai Emeri shogirdlari turnir jadvalida 6-o‘ringa ko‘tarilib oldi. «Everton» esa 6 ochko bilan 12-o‘rinda qoldi.

Keyingi turda «kanonirlar» o‘z maydonida «Uotford»ni qabul qiladi, «irislar» o‘z maydonida «Fulhem» bilan kuch sinashadi. Ikki o‘yin ham 29 sentabr kuniga belgilangan.

Turning qolgan o‘yinlari
«Lester» – «Haddersfild» 3:1 (1:1, 2:0)
Gollar: 0:1 – 5 Yorgensen, 1:1 – 19 Ixeanacho, 2:1 – 66 Meddison, 3:1 – 75 Vardi.
Ogohlantirishlar: Ndidi (18), G‘azzol (43), Kongolo (47).

«Kristal Pelas» – «Nyukasl» 0:0 (0:0, 0:0)
Ogohlantirishlar: Yyedlin (36), Tomkins (51).

«Byornli» – «Bornmut» 4:0 (2:0, 2:0)
Gollar: 1:0 – 39 Vidra, 2:0 – 41 Lennon, 3:0 – 83 Barns, 4:0 – 88 Barns.
Ogohlantirishlar: Louton (31), Vestvud (56).

«Fulhem» – «Uotford» 1:1 (0:1, 1:0)
Gollar: 0:1 – 2 Grey, 1:1 – 78 Mitrovich.
Ogohlantirishlar: Mouson (30), Fosu-Mensa (32), Xolebas (58).

Turnir jadvali

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid