Uzbekistan | 19:45 / 26.09.2018
21105
4 daqiqa o‘qiladi

27 sentabr - Xalqaro Turizm kuni

Foto: Flickr

Xalqaro Turizm kuni munosabati bilan 27 sentabr kuni O‘zbekistonda qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Jumladan, "Xalqaro Turizm kuni dasturi"ga muvofiq, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari  Saidakbarxon Akbarov Yakkasaroy tumanidagi 118-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘quvchilari bilan uchrashib, ular bilan  “O‘zbekistonda turizmga e'tibor”, “Yoshlar va turizm” mavzularida suhbatlashadi. Shuningdek, Yunusobod tumanidagi Toshkent Turizm kollejida ham shu mavzulardagi tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Turizm sohasi vakillari yoshlarni bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirib, ularni qiziqtirgan savollarga javob berishadi.

1970 yil 27 sentabr kuni  Ispaniyaning Torremolino shahrida  Butunjahon turizm tashkilotining Ustavi qabul qilinib, uning Bosh assambleyasi tomonidan mazkur sanani Xalqaro Turizm kuni sifatida nishonlash belgilandi.  Maqsad — turizmni targ‘ibot qilish, uning jahon hamjamiyati  iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasini  ommaviy axborot vositalarida yoritish, turli mamlakatlar aholisi o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yaxshilashdan iborat. Shuningdek, har bir inson o‘zini sayyoh sifatida his qilib,  Ona  sayyoramizning go‘zal, betakror tabiati,  madaniy, tarixiy va tabiiy yodgorliklarini o‘rganishi, ularni asrab-avaylashga o‘z hissasini qo‘shishidir.  Globallashuv sharoitida  tezkorlik bilan axborot almashinishi  natijasida insonlarda dunyo mamlakatlari bilan tanishishga qiziqish kuchayib bormoqda. Bu o‘z navbatida turizm sohasining rivojlanishiga olib keldi.  

Soha rivojining tarixiga nazar tashlasak: T.Kuk 1841 yili poyezdda sayohat tashkillashtirgan, sayohat 1 shilling turgan. Sayyohlarga issiq choy, shirin kulcha berilib, yo‘l davomida orkestr musiqa chalib turgan. Birinchi sayyohlik agenti 1847 yili Germaniyada tashkil etiladi.  XX asrga kelib esa, sayyohat qilish inson dunyoqarashini kengaytirish, boshqa xalqlar hayoti bilan tanishishning asosiy vositasi bo‘lishga ulguradi.

 27 sentabrda aksariyat dunyo mamlakatlarida Xalqaro Turizm kuni bayram sifatida nishonlanib, shu kuni turizm yo‘nalishlariga bag‘ishlangan  turli xil tadbir va festivallar o‘tkaziladi. Bugungi kunda mazkur sohada faoliyat yuritayotganlar sayyohlarga har tomonlama qulay va xavfsiz sharoit yaratib berishga harakat qilishmoqda. 

Jahon sayyohlik tashkilotining ma'lum qilishicha, dunyo yalpi ichki mahsuloti hajmining o‘ndan bir qismi, xalqaro investitsiyalarning 11 foizdan ortig‘i turizm hissasiga to‘g‘ri keladi. Butun dunyo bo‘yicha sayyohlar oqimi yiliga 4-5 foizga o‘smoqda.

Turizm sohasida ulkan salohiyatga ega O‘zbekiston o‘zining qadimiy obidalari, muqaddas ziyoratgohlari, xushmanzara tabiati va fayzli go‘shalari bilan sayyohlarni o‘ziga rom etmoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, yurtimiz sayyohlik ko‘lami va tarixiy joylar soni bo‘yicha dunyodagi yetakchi o‘n mamlakat qatorida turadi. O‘zbekistonda yetti mingdan ortiq me'moriy va arxeologik obida mavjud. Bunday bebaho meros xalqimizning bitmas­ tuganmas boyligi hisoblanadi.

Mavzuga oid