Sport | 14:08 / 26.09.2018
13230
2 daqiqa o‘qiladi

«Uembli» sotilmoqda. Kelishuv tafsilotlari ma'lum

Angliya futbol assotsiatsiyasi Londondagi «Uembli» stadionini «Fulhem» klubi sohibi Shahid Xonga sotishga rozi bo‘ldi. Financial Times tarqatgan xabarga ko‘ra, tomonlarning aprel oyidan buyon davom etayotgan muzokaralari ijobiy kelishuv bilan yakun topgan.

Manbada aytilishicha, arena sotuvi bo‘yicha hal qiluvchi qaror ertaga, 27 sentabr kuni qabul qilinishi kutilmoqda. Shu kuni assotsiatsiyaning 10 kishidan iborat direktorlar kengashi yig‘ilish o‘tkazib, ushbu taklifni ovozga qo‘yadi.

Kelib chiqishi Pokistondan bo‘lgan amerikalik milliarder «Uembli» uchun 600 mln funt (667 mln yevro yoki 788 mln dollar atrofida) taklif qilgan. U «Uembli»ni o‘ziga qarashli «Jyeksonvil Yaguars» amerikacha futbol jamoasi o‘yinlarini o‘tkazish maqsadida xarid qilmoqchi.

Qayd etilishicha, bitim shartlariga ko‘ra, milliarder muayyan talablarni bajarmagan taqdirda yoki qandaydir jinoyat sodir etgan holatda AFA stadionni qaytarib sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, xaridor tomoni stadion nomini o‘zgartirishga ham haqli bo‘lmaydi.

Angliyaning bosh arenasida mamlakat terma jamoalari va «Tottenhem» klubi (15 dekabrgacha) uy o‘yinlarini o‘tkazadi. Shuningdek, unda ichki kubok musobaqalarining final uchrashuvlari ham bo‘lib o‘tadi.

«Uembli» stadioni 2002-2003 yillarda buzib tashlangan, uning o‘rniga qad ko‘targan yangi o‘yingoh 2007 yilda ochilgan. 90 ming tomoshabinga mo‘ljallangan arena sig‘imi bo‘yicha Birlashgan Qirollikda birinchi, Yevropada «Kamp Nou»dan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Stadion binosida AFA ma'muriyati ham joylashgan.

Mavzuga oid