O‘zbekiston | 10:27 / 27.09.2018
4592
4 daqiqa o‘qiladi

Yangi tajriba: poytaxt mahallalarida biznes-markazlar

Foto: 123RF

Vazirlar Mahkamasining 20.09.2018 yildagi 740-son qarori bilan Olmazor tumani mahallalarida “Tadbirkorlik markazlarini” tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlandi.
 
Norma’ning yozishicha, poytaxtning Olmazor tumanidagi 10 ta mahalla fuqarolar yig‘inida tajriba tariqasida “Tadbirkorlik markazlari” tashkil etiladi.  Jalb etilgan mahallalar ro‘yxati hujjatga ilovada taqdim etilgan.
 
Tajribaning asosiy maqsadi - tadbirkorlik faoliyatini, sh.j. oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish.
 
Markazlar biznes-inkubator shaklida tashkil etiladi, yuridik shaxs hisoblanmaydi va o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.  Markazlarga rahbarlik qilish, ularning ishini tashkil etish va muvofiqlashtirish fuqarolar yig‘inlarining raislariga yuklatildi.
 
Markazlar faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar:

• fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘z mablag‘lari;
• tuman mahalliy byudjyeti daromadlarining prognoz parametrlarini oshirib bajarishdan tushadigan daromadlar;
• jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.
 
Markazlar faoliyatining samaradorligi natijalari tahlil qilinadi va olingan natijalar bo‘yicha tajriba Olmazor tumanidagi boshqa mahallalarda joriy etiladi.

Quyidagilar tadbirkorlik markazlarining asosiy vazifalari etib belgilandi:

• xonadonlarni uyma-uy yurib o‘rganish va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagi bo‘lgan shaxslarni aniqlash hamda ularga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishda ko‘maklashish va ularni Markazlarga keng jalb etish;
• tadbirkorlik asoslari: biznes yuritishning huquqiy asoslari, moliyaviy menejment va buxgalteriya hisobi, biznes-rejasini tayyorlash, soliqqa tortish rejimini to‘g‘ri tanlash va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish;
• faoliyatini endi boshlayotgan tadbirkorlar biznes yuritishi va startapni tashkil etishi uchun Markazlar binosidan, shu jumladan yoshlar tadbirkorlik klasterlari binolaridan joy ajratishga ko‘maklashish;
• marketing tadqiqotlari o‘tkazish, soliqqa tortish, moliya va soliq hisobotlarini topshirish, bank xizmatlari, binolarni ijaraga olish, davlat mulki obektlarini "nol" qiymatida xarid qilish bo‘yicha maslahatlar va amaliy yordam berish;
• biznes uchun ishonchli hamkorlar izlash, mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga olib chiqishda, uskunalar sotib olishda ko‘maklashish;
• mahalla hududida hunarmandchilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan shaxslarga:  ro‘yxatdan o‘tish, “Hunarmand” uyushmasiga a'zo bo‘lish orqali soliqlar va boshqa turdagi imtiyozlardan foydalanishda hamda imtiyozli kreditlar olishda amaliy yordam ko‘rsatish;
• jismoniy va yuridik shaxslarga YaIDXP, “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari, bank, lizing, sug‘urta, auditorlik, konsalting, baholash, rieltorlik va boshqa xizmatlar haqida ma'lumotlar berish.
 
Tadbirkorlarga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish uchun Markazlar xodimlari bir yilda ikki marta (sentabr va mart oylarida) o‘quv-seminarlarda zamonaviy interaktiv o‘quv uslublarini qo‘llagan holda bilim va malakalarini oshiradilar.
 
Markazlar faoliyatiga, zarur hollarda, mahalliy tajribali tadbirkorlar, hunarmandlar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining malakali mutaxassislari, oqsoqolning maslahatchilari jamoatchilik asosida jalb qilinadi.
 
Hujjat 20.09.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid