Jamiyat | 07:36 / 28.09.2018
16470
2 daqiqa o‘qiladi

Yashnobod tumanidagi 166-maktabda yuz bergan holat IIBB tomonidan tasdiqlanmadi

Foto: school166.uz

Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda audiozapis tarqaldi. Unda 3-sinf o‘quvchisining onasi tomonidan yozilgani aytilayotgan audioda notanish ayol suratga olib qo‘yish bahonasida ikki o‘quvchi qizni mashinaga chaqirgani haqida so‘z boradi.

Audioda aytilishicha, bu holat Yashnobod tumanidagi 166-maktabda yuz bergan.

O‘zA’ning yozishicha, Toshkent shahar IIBB, mazkur axborot tekshirib chiqilganini ma'lum qilgan. Barcha ichki ishlar organlari xodimlaridan shu kabi murojaat bo‘lgani so‘ralgan, maktab atrofida o‘rnatilgan kuzatuv kameralari tekshirilgan, maktab o‘qituvchilari, o‘quvchilari va ularning ota-onalari bilan suhbat o‘tkazilgan. Natijada bunday hodisa yuz bermagani aniqlangan.

Bundan tashqari ushbu maktab direktori uchinchi sinf o‘quvchilari orasida Arina va Elya ismli qizlar o‘qimasligini ta'kidlagan.

Ota-onalar bilan suhbat davomida ushbu audioni Telegram’dagi guruhlarga tarqatgan ikki ona aniqlangan. Ulardan biri ushbu audio Rossiya Federatsiyasining Astraxan shahrida yashovchi tanishidan, ikkinchisi Sergeli tumanida yashovchi o‘rtog‘idan kelganini aytgan.

Toshkent shahar IIBB shu kabi holatlar yuzasidan aholiga murojaat qilib, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda tarqalgan har qanday xabarga ishonavermaslikka va ushbu ma'lumotlarga o‘zidan yangi holatlarni qo‘shib uni haqiqatdek tarqatmaslikka chaqirgan. Hamda doimiy ogohlik hech qachon zarar qilmasligini ta'kidlab o‘tgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid