Jahon | 23:52 / 28.09.2018
16798
2 daqiqa o‘qiladi

Filippin prezidenti minglab odamlarni sudsiz o‘ldirganini tan oldi 

Foto: Rouelle Umali / Globallookpress.com

Filippin prezidenti Rodrigo Duterte “o‘zining yagona gunohi” giyohvandfurushlarga qarshi kurash davomida minglab odamlarni sudsiz o‘ldirishga ruxsat bergani ekanligini aytdi. Bu haqda South China Morning Post nashri ma'lum qildi.  

Duterte tanqidchilariga murojaat qilib, “Mening aybim nima? Axir men bir peso o‘g‘irladimmi? Mening yagona gunohim – sudsiz o‘ldirishdir”, deb aytgan Duterte.

Nashrning ma'lum qilishicha, huquq himoyachilari Dutertening bu so‘zlarini aybini tan olishi deb baholashgan. Duterte giyohvand moddalarga qarshi kurashni e'lon qilgandan keyin sudsiz jazolash yuz berayotganini tan olgan, biroq bu davlatning tashabbusi ekanini rad etib kelgan.

Duterte vakilining aytishicha, prezident yuqoridagi so‘zlarni “hazil tariqasida” aytgan va uning gaplarini tom ma'noda qabul qilmaslik kerakligini aytgan.

Filippin prezidenti o‘z nutqi davomida giyohvand moddalarga qarshi urushni to‘xtatish niyatida emasligini aytgan. “Urush to‘xtatilmaydi. Men bu uchun o‘z hayotimni, prezidentligimni tikaman va ularni istalgan vaqt yo‘qotishga tayyorman”, deb aytgan Duterte.   

Joriy yil martida Xalqaro jinoyat sudi (XJS) Dutertening avval Davao meri, so‘ngra prezident lavozimidagi xatti-harakatlarining tergovini boshladi. Duterte bunga javoban XJSga tergov o‘tkazishga huquq beruvchi Rim maqomida ishtirok etishdan bosh tortishini aytgan. 

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Filippinda giyohvand moddalarga  qarshi ikki yillik kurash davomida 4,5 mingga yaqin odam, asosan mayda giyohvandfurushlar va giyohvandlar o‘ldirilgan. Biroq XJS ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu urush davomida kamida 8 ming kishi o‘ldirilgan. Ba'zi huquqni himoyalash guruhlari esa o‘ldirilganlar soni 12 minggacha yetishini aytmoqdalar.  

Mavzuga oid