Jamiyat | 18:26 / 28.09.2018
11677
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi axborot-resurs markazi achinarli ahvolda qolmoqda

Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani markazida joylashgan Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutiga qarashli axborot-resurs markazi Bulung‘ur tuman hududiy bo‘limidagi ahvolni jamoatchilik e'tirozi asosida o‘rgandik.

To‘g‘risi, ziyo maskani joylashgan binoning xarob ahvolini ko‘rib, ajablandik.

Axborot-resurs markazi Bulung‘ur tuman bo‘limida kitob jamg‘armasi 30158tani tashkil qilar ekan. Shundan 16691tasi badiiy kitoblar, qolgani esa o‘quv adabiyotlari hisoblanadi.

Ushbu bino oxirgi marta 2005 yilning dekabr oyida joriy ta'mir qilingan.

O‘rganishimiz davomida aniq bo‘lishicha, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti S.Ahmedovning 2017 yil 31 iyuldagi 01-834-sonli Bulung‘ur tumani hokimi F.Jalolov nomiga yozgan xatida keltirilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2006 yil 20 iyundagi PQ-381-sonli, Samarqand viloyat hokimining 2006 yil 26-iyundagi 103-Q-sonli va Bulung‘ur tuman hokimining 2006 yil 21 avgustdagi 2822-Q-sonli Qarorlariga asosan Bulung‘ur tumani markaziy kutubxonasining binosi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti balansiga bepul o‘tkazib berilgan. Binoda institut Axborot-resurs markazining Bulung‘ur filiali tashkil etilgan.

Bugungi kunda resurs markazi faoliyatini davom ettirmoqda, u yerda 7 nafar ishchi xodim va 6 nafar texnik ishlamoqda.

Achinarlisi, bino ta'mirtalab, avariya holatida va xavfli ko‘rinish olgan. Bu holat yuzasidan tegishli tashkilotlar amaliy chora-tadbirlarni olib bormagan.

  •  Holatni ko‘p mutasaddilar o‘rganib ketgan, ammo biror o‘zgarish bo‘lgani yo‘q, – deydi kutubxonachi Sohiba Haydarova.

Odamlarga ziyo tarqatuvchi, ma'naviyat ulashuvchi bu maskanga borgan odam binoning xarobligini ko‘rib, ta'bi xira bo‘lishi tayin. Binoning devorlari (fasad va ichki qismi) yorilib, ko‘chib ketgan. Tom qismidan yog‘ingarchilik kunlarda suv o‘tadi.

Axborot resurs markazi yonida somsaxona joylashgan va sanitariya talablariga javob bermaydi. Markaz bozor yaqinida joylashgani sababli bino oldi avtomobillarga «beminnat» to‘xtash joyi bo‘lib xizmat qilmoqda. Binoning kirish qismida chiqindilar uyulgan.

Bir o‘ylab ko‘ring, ilm olaman, ma'naviyatli bo‘laman, degan qaysi yosh bu joyga boradi? Buni markazga a'zo bo‘lgan kitobxonlar sonidan ham bilsa bo‘ladi – bu miqdor 1926 kishini tashkil etadi.

Davlat rahbari kitobxonlikni targ‘ib qilish kerak, kitob o‘qish madaniyatini kuchaytiraylik, yoshlarimizni kitob o‘qishga qaytaraylik, deb ta'kidlab turgan bir vaqtda Bulung‘ur tumanidagi bu ziyo maskani mutasaddilar e'tiboridan chetda qolmoqda.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li.

Mavzuga oid