Jamiyat | 00:44 / 30.09.2018
160439
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 1 tonna osh damlangani haqida mungli reportaj

Bu yerda bugun Samarqanddagi Islom Karimov ko‘chasida damlangan bir tonnalik osh, uni nima maqsadda damlashgani, tashabbus kimdan chiqqani, qanaqa masalliqlar ishlatilgani, kimlar va qanday pishirgani haqidagi reportaj bo‘lishi mumkin edi.

Edi! Lekin bo‘lmaydi. Osh borasida sizga ma'lum qilishimiz bo‘lgan yagona narsa — uni Murod Rajabov muallifligidagi «Oshga marhamat» tok-shousida osh pishirish bo‘yicha chempion bo‘lgan samarqandlik oshpaz Abdumannon pishirdi. Uning hattoki familiyasini aniqlashning ham iloji bo‘lmadi.

Mazkur maqola asosan o‘sha oshpazning familiyasini aniqlash nega ilojsiz bo‘lgani haqida.

Hammasi oddiy — osh pishirish jarayonini yaqindan suratga olish va intervyu uyushtirish uchun Samarqand viloyat IIB xodimlari jurnalistlarni, jumladan, meni ham qo‘yishmadi. Qozonga yaqinlashtirishmadi, qisqasi.

Uzoqdan, tomoshabin odamlarning ichidan turib ishlashga mahkum bo‘ldik.

«Kimdan ruxsat olishim kerak, yaqindan bemalol ishlashim uchun, aytinglar axir?!», deb savol berdim tartib posbonlariga. «JTSB boshlig‘i Ubaydulla akadan», deyishdi. Ubaydulla akani shu atrofda turgan to‘rt-besh chog‘li militsiya xodimidan surishtirdim. «Furajkada yuribdi, shu yerda», deyishdi. Furajkali boshliq esa hadeganda ko‘rinish bermasdi…

Nahotki, hammasining qo‘lida ratsiya bo‘lgan militsionerlar boshlig‘iga aloqaga chiqib, ruxsat yo taqiq olib olishni uddalay olishmasa? Nahotki, bularga fikrlash shu qadar cheklab qo‘yilgan? Nahotki, Samarqandda ichki ishlar organi xodimlari shu qadar jur'atsiz?

Eng hayratlanarlisi, «nega qo‘ymayapsizlar o‘zi?» — deb so‘rasam, «viloyat IIB boshlig‘i (Aziz Toshpo‘latov!) shaxsan o‘zi kelib qozonni ochib beradi, ungacha hech kimni yaqinlashtirmaslik tayinlangan», degan javobni oldim. Ol-a!!! 

To‘g‘ri, men e'tirozlar bildirdim va osh pishirilayotgan joyni maqolani aynan mana shu ko‘rinishda yozishni aytib va ko‘ngilga tugib tark etdim.

To‘g‘ri keyinroq, men ketganimdan keyin nimalardir bo‘lgan shekilli, qozon boshidan tushirilgan suratlar internetda tarqala boshladi. Allaqaysi mulozim hozir ushbu maqolani o‘qib, «Ko‘p boshni gangitmasdan o‘sha tarqalgan rasmlar va videolardan foydalansa bo‘lar edi-ku?» deyishi mumkin.

Shundaylar uchun bir necha punktlarda bu narsa Kun.uz siyosatiga nega to‘g‘ri kelmasligini tushuntiraman:

  1. Kun.uz o‘z muxbirlarini kerakli aslahalar bilan ta'minlagan va imkon qadar boshqa tahririyatlar va matbuot xizmatlari tomonidan tushirilgan foto va video lavhalardan foydalanmaslikka harakat qiladi.
  2. Chunki Internetda tarqalgan video va rasmlarning barchasida tahririyat va bloglarning logotipi turibdi. Biz o‘sha logotiplarni qirqa olmaymiz.
  3. Kun.uz boshqa tahririyatlarda ishlovchi fotosuratchilarning ishlaridan foydalangan taqdirda ham, albatta ularning muallifi va manbasini tahririyatdan so‘rab ko‘rsatadi. Bu esa o‘sha tahririyatlarda ishlovchi jurnalistlarning ish joyida tushunmovchiliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
  4. «Sabr qilganingizda furajkali Ubaydulla aka ham topilardi, keyinroq ruxsat ham berilardi», deydiganlarga: Kun.uz’da har bir daqiqa o‘lchovli. Shu kuni tahririyat tomonidan belgilangan, oshdan boshqa topshiriqlar ham bor edi: masalan, YeIning O‘zbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi rahbari, elchi Eduards Stiprays bilan birga YeI shafeligida viloyatda amalga oshirilgan loyihalar bilan tanishish. Mana, 13-maktabda u bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan fotosurat:

Bunday gigant qozonlarda osh yurtimizda birinchi marta pishirilmayapti. Ayniqsa, o‘tgan yili 8 sentabr kuni Toshkent shahrida damlangan 7 tonnalik oshni tarqatish jarayonida ro‘y bergan tartibsizliklar barchani asabiylashtirgan edi. Samarqanddagi osh pishirish jarayoni ish kuniga to‘g‘irlangani, oldindan ko‘p ham reklama qilinmaganidan, maqsad bunday taloto‘plarning oldini olish bo‘lgandek.

Bu aslida bir qaraganda!

Internetda tarqalgan ma'lumotlardan ma'lum bo‘ldiki, pishirilgan oshning porsiyasi 9000 so‘mdan sotilgan. Tartibsizlik esa odatda tekin joyda bo‘ladi, pullik joyda emas. Ya'ni, avtozak avtobusni Registon maydoniga eltuvchi trotuarga keltirib qo‘yib, xalqni qo‘rqitish shart emasdi.

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid