Sebzorda uylar buzilmoqda. Voqea joyidan tafsilotlar
Toshkentda shahar hokimi v.b va senator Jahongir Ortiqxo‘jayev boshchiligida obodonchilik va qurilish ishlari olib borilmoqda. Ayni vaqtda Shayxontohur tumani Sebzor dahasi «Janggoh» mahallasida ham qurilish uchun buzilish ishlari boshlab yuborilgan. Bu ishlar qonun doirasida amalga oshirilmoqdami yoki uning aksimi, shuni o‘rganish maqsadida ijodiy jamoamiz bilan ushbu mahallaga bordik.
Avvaliga Toshkent shahar hokimi v.b. Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan suhbatlashdik. Ular aholiga bir necha oy avval buzilish haqida tushuntirish ishlari amalga oshirilgani, ogohlantirishlar berilgani va hududda yashovchi xonadonlarga bir nechtadan zamonaviy ko‘rinishda qurilgan kvartiralar berilayotganini ta'kidladi.
«Buzilishga hozircha 79 ta uy tushgan. Ularda 370 nafar fuqarolar yashaydi. Jami 240 ta kvartira ajratib berildi. Mana, tuni bilan dam olish yo‘q. Ogohlantirishlarga qaramay, ba'zi oilalar hozirga qadar ko‘chishga ulgurmagan. Ularga shahar hokimligi hisobidan yuk mashinalari berildi. Yuk mashinalari yangi uylariga fuqarolarning uy jihozlarini tashishlari uchun ko‘maklashmoqda. Insonlarga maksimal darajada yordam ko‘rsatilmoqda. Ularning aksariyatiga barcha sharoiti yetarli bo‘lgan eng zamonaviy ko‘rinishdagi uylar taqdim qilinmoqda. Menimcha, fuqarolarimiz rozi. Rozi bo‘lmaganiga kerak bo‘lsa, ozroq sabr qilsa, Yunusobod tumanidan tengma tengiga yer ajratib, uy ham qurib beramiz», — dedi shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev.
Shundan so‘ng o‘sha joydan yashab ko‘chib ketayotgan insonlar bilan bog‘landik.
— Ikkita o‘g‘il edik. Opam bor edi. Ular oilasi bilan ajrashgandi. Farzandlari bilan qaytib kelgandi. Mana, ko‘chmoqdamiz. Hokimiyat o‘z yordamini ayamadi. Shahar hokimi qo‘lidan kelgancha ko‘maklashmoqda, — deydi o‘sha yerda yashayotgan yosh oila boquvchisi.
— Bizning uyimiz yer maydoni 6 sotix. Jami 11 ta inson yashaydi. Bizga 3 ta kvartira berilmoqda. Biz hokimlikdan rozimiz. Avvalroq ogohlantirish berilgan. Uyimda nogiron shaxs bor. Hozir hokimiyat ko‘chayotgan uyimizgacha yetib olishimiz uchun mashina berdi, — deb ta'kidladi mahalliy aholi vakillaridan biri.
Kichik 2 yoki 3 sotixli maydonga ega uylar uchun 3-4 xonali uylardan bir nechtadan berilmoqda. Bir ayolga jami 10 nafar oila a'zolari uchun 4 ta kvartira berildi.
Bir beva ayol ham farzandlari uchun 3 ta 2-3 xonali kvartiralar berilayotganini va hukumat vakillaridan xursandligini bildirib o‘tdi. Buzish ishlari hozir ham davom etmoqda.
Bu mahallada yashovchi oilalar tor uylarda yashardi. Ko‘pchiligi joy masalasida qiynalardi. Bu yerda aholiga kommunal xizmatlar hech qachon yetarlicha ko‘rsatilmagan. Bu uylar albatta, buzilishi kerak edi. Qizig‘i, yosh oilalar «menga kvartira bering, men ketaman, sharoiti yaxshi joyda yashashni xohlayman», — deb aytdi deb fikrlarini bildirib o‘tdi shahar hokimi.
2006 yilning 29 may kuni «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi Vazirlar Mahkamasining 97-sonli qarori qabul qilingan.
Qarorga ko‘ra, turar joy olish uchun buzilayotgan uy (kvartira) egasidan bo‘lajak buzish to‘g‘risida bildirishnoma olinadi. Keyin u bir oy muddatda oila a'zolari yoki boshqa birgalikda yashaydigan (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslar bilan kelishgan holda tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklariga o‘ziga buzilgan uy-joy o‘rniga turar joy ajratish to‘g‘risida ariza berishi kerak. Arizada oila tarkibi, doimiy yashaydiganlar soni, turar joy maydonining ijtimoiy normasidan ortiqcha qo‘shimcha uy-joy maydoni olish uchun imtiyozlar ko‘rsatiladi.
Uylari (kvartiralari) buzilishi lozim bo‘lgan fuqarolar va yuridik shaxslar uchun ularning xohishiga ko‘ra yangi joyda uylar, imoratlar barpo etiladi hamda ularga mulk qilib beriladi. Bunda buzilayotgan uylar (kvartiralar), imoratlarning qiymati pul bilan qoplanmaydi.
Mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan uy, ishlab chiqarish imoratlari, boshqa imoratlar, inshootlar, dov-daraxtlar joylashgan yer uchastkasi olib qo‘yilgan holda unga avvalgisiga teng qiymatli mol-mulk beriladi va yer uchastkasi davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi oqibatida yetkazilgan zarar to‘laligicha qoplanadi.
O‘ylaymizki, mazkur vaziyatda Vazirlar Mahkamasining 97-sonli qarori bandlari oxirigacha to‘g‘ri amalga oshiriladi va insonlar shahar hokimligidan rozi bo‘ladi.
Mavzuga oid
20:36 / 02.03.2024
«Pulni o‘zi sizni quvsin». Jahongir Ortiqxo‘jayev Superliga startidan oldin «Paxtakor» jamoasi bilan uchrashdi
17:29 / 08.02.2024
Minerva City’ni qurishga ajratilgan yer shahar hokimligi balansiga qaytarildi - Yangihayot tumani hokimi
16:22 / 06.02.2024
Jahongir Ortiqxo‘jayev: “Biz importga har qanday cheklov qo‘yishga qarshimiz, u bizga zarar”
21:35 / 05.02.2024