Fransiyaning «Decathlon» kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirishi mumkin
Bugun, 2 oktabr kuni Fransiyaning sport anjomlari va kiyimlari ishlab chiqaruvchi mashhur «Decathlon» kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Jyerom Antonio da Silva bilan uchrashuv tashkil qilindi, deb xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi. Uchrashuvda Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan bosh kotib Jasur Matchanov ishtirok etdi.
«Sportchi bo‘lganimda men ham aynan «Decathlon» sport anjomlaridan foydalanardim. Kompaniyangiz o‘z sifatli mahsulotlari bilan jahon bo‘ylab nom qozongan. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratmoqdalar. Buning uchun albatta yaxshi sharoitlar va sifatli sport anjomlari bizda bo‘lishi kerak», – dedi MOQ Bosh kotibi.
Fransiyalik mehmon bunga javoban kompaniya missiyasi O‘zbekiston ko‘zlagan maqsadga mos kelishi haqida gapirdi.
«O‘zaro maqsadlarimiz bir-biriga mos tushmoqda. Bu ajoyib. Maqsadimiz sport bilan shug‘ullanish uchun barchaga sharoit yaratib berishdir. O‘zbekistonda ko‘plab jabhalarda islohotlar ketayotganidan xabarimiz bor. Markaziy Osiyo mamlakatlaridan biri bilan hamkorlik qilish istagidamiz. Ayni paytda aynan qaysi davlatda faoliyat boshlash ustida izlanishlar olib bormoqdamiz», – dedi Jyerom Antonio da Silva.
O‘z navbatida Jasur Matchanov kompaniya uchun O‘zbekiston eng ma'qul variant ekanligini, mamlakatimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishning afzalliklari va yana bir qator qulayliklar haqida gapirib berdi.
«Decathlon» kompaniyasiga 1976 yilda asos solingan bo‘lib, sportning saksondan ortiq turi uchun sport buyumlari ishlab chiqarish va sotishga ixtisoslashgan. Kompaniya 80 dan ortiq sport turi uchun sport inventarlari ishlab chiqaradi. Kompaniya 20dan ortiq savdo markasiga va Yevropa, Osiyo, Janubiy Amerika, Afrika qit'alaridagi 45 mamlakatda 1500 dan ortiq do‘konlariga ega.
Kompaniyaning o‘z ilmiy-tadqiqot markazi ham bo‘lib, u sport jihozlari ishlab chiqarish bo‘yicha tadqiqotlar olib boradi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, kompaniyaning jahon bo‘yicha xodimlari soni 70 mingdan ortiq bo‘lib, umumiy savdo aylanmasi yiliga 9 milliard yevrodan oshadi.
Mavzuga oid
14:36 / 07.11.2024
Ta’lim muassasalari o‘quv dasturiga o‘qotar qurollar taktik-texnik tavsiflari amaliy mashg‘ulotlari kiritiladi
20:22 / 21.10.2024
Yengil kasalliklarni dori bilan davolashga o‘rganib qolishning oldi olinadi
20:31 / 20.09.2024
Olimpiya shaharchasi hududida xokkey majmuasi qurilishi mumkin
14:53 / 06.09.2024