O‘zbekiston | 12:06 / 03.10.2018
123947
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev birdaniga to‘rtta qonunni imzoladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Joriy yilning 2 oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev birdaniga to‘rtta qonunni imzoladi.

Birinchi qonun - «Islom mamlakatlarining standartlar va metrologiya instituti Ustavi va Tartib-qoidalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida». Qonunda ta'kidlanishicha, O‘zbekiston islom davlatlari Standartlar va metrologiya instituti Ustavi va Tartib-qoidalarini ratifikatsiya qilmoqda.

Mazkur Qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 7 avgustda qabul qilingan hamda Senat tomonidan 2018 yil 27 sentabrda ma'qullangan. Institut Ustavida a'zo davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar o‘rtasida mazkur sohada hamkorlik qilishning tartibi, shuningdek IMSMIga a'zo davlatlarning faoliyati bilan bog‘liq boshqa tashkiliy-huquqiy masalalar e'tiborga olingan.

Ikkinchi qonun bilan O‘zbekiston Islom hamkorlik tashkiloti Ustaviga kiritilgan tuzatishni ratifikatsiya qilmoqda.

Keyingi qonun bilan respublika 2015 yil 12 dekabrdagi Parij bitimini ratifikatsiya qildi. Bitim 2016 yil 4 noyabrda kuchga kirgan hamda 2020 yildan boshlab amalga oshiriladi. Bitimdan ko‘zlangan asosiy maqsad  – 2020-2030 yillarda parnik gazlarni kamaytirish va bu orqali global isish darajasini qisqartirishdir.

Oxirgi qonunga muvofiq 5 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kuni etib belgilandi. Mazkur Qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 6 sentabrda qabul qilingan hamda Senat tomonidan 2018 yil 27 sentabrda ma'qullangan.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid