Sport | 17:35 / 04.10.2018
14489
2 daqiqa o‘qiladi

«Real» yana bir yo‘qotishga uchradi

«Real» himoyachisi Dani Karvaxal TsSKAga qarshi bahsda jarohat olib, 42-daqiqada Alvaro Odriosolaga almashtirilgan edi.

Klub matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, o‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar uning chap oyog‘ining tizzadan pastki orqa qismi mushaklari lat yeganini ko‘rsatgan. Xabarda uning qachon safga qaytishi mumkinligiga aniqlik kiritilmagan.

Bu 26 yoshli futbolchining mavsumdagi ilk jarohati emas. U o‘tgan oyda shu sabab bilan «Espanol»ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborgan edi.

Shu tariqa, «Qirollik klubi»da yo‘qotishlar davom etdi. Bungacha himoya chizig‘ining boshqa bir vakili – Marselo noyabrga qadar safdan chiqqandi, jamoa yarimhimoyachi Isko esa ko‘richakka yo‘liqqani ortidan taxminan shuncha muddat jamoaga yordam bera olmaydi.

Avvalroq «Atletiko»ga qarshi bahsda maydonni erta tark etgan vinger Garet Beylning holati borasida xavotirga o‘rin yo‘qligi xabar qilingan edi. Lekin u YeChL doirasida TsSKAga qarshi kechgan uchrashuvda maydonga tushmadi.

Ma'lumot o‘rnida, «qaymoqranglilar»ni oktabr oyida La Liganing «Alaves», «Levante» va «Barselona»ga qarshi («El-Klasiko» 28 oktabrda) o‘yinlar kutib turibdi. Bu oy, jamoa, shuningdek, YeChLning 3-turida Chexiyaning «Viktoriya Plzen» klubini qabul qiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid