«Arsenal»ga qarshi bahsning 19-daqiqasida Tomas Partiga to‘qnashgan Rodri maydonga quladi va o‘sha soniyalarda «Etihad»dagi hech kim bu holatni «Manchester Siti»ning mavsumini o‘zgartirib yuborishi mumkinligini taxmin qilmagandi. 24 soatdan keyin esa tibbiy xulosa taqdim etilib, xochsimon payning yuqori qismida uzilish holati aniqlandi va ispaniyalik yarimhimoyachi butun mavsumni o‘tkazib yuborishi oydinlashdi.

Manchester «moviylari» usiz kuchsizlanishi esa shubhasizdir. Gvardiola o‘tgan mavsumda ushbu futbolchidan eng ko‘p foydalandi, hatto darvozabon Ederson ham Rodri o‘tkazgan o‘yinlar soniga yeta olmagan. O‘tgan mavsumning 50 ta uchrashuvida ishtirok etgan Rodrigo Ernandez jami 4325 daqiqani maydonda o‘tkazdi. Keyin esa Yevroda Ispaniyaning 7 uchrashuvidan 6 tasini boshlang‘ich tarkibda boshladi va finalning birinchi bo‘limidan so‘ng jarohat olib maydonni tark etdi. O‘sha jarohat sabab dastlabki 3 turni o‘tkazib yuborgan futbolchi 4-turda «Brentford»ga qarshi zaxiradan o‘yinga qo‘shilgandi. Muxlislar «Inter»ga qarshi Chempionlar Ligasi 1-turini 90 daqiqa maydonda o‘tkazgan Rodrining jarohati ortda qolganiga katta ishonch bildirgan edi, ammo hafta oxirida kutilmagan tarzda jamoa yetakchisi butun mavsumga safdan chiqdi.

2019-2020 yillar mavsumida Manchesterga kelganidan beri Rodri klubi o‘tkazgan 195 uchrashuvning faqat 21 tasida maydonga tushmagan. Barcha musobaqalar doirasida u APLning istalgan futbolchisidan ko‘proq o‘yinda qatnashgan — 260 ta (238 tasi boshlang‘ich tarkib). Maydonda o‘tkazilgan daqiqalar soni (20555) bo‘yicha undan faqat Brunu Fernandesh (20727) oldinda. Va bularning barchasiga milliy jamoa safidagi 50 ta bellashuv ham qo‘shilsa, 28 yoshli futbolchining qanchalik keng ko‘lamdagi ishni amalga oshirganini anglash mumkin.

O‘tgan haftada Rodri YeChL 1-turidan oldin tashkil etilgan matbuot anjumanida o‘yinlar soni ko‘pligi tufayli futbolchilar «ish tashlashga majbur bo‘lishi mumkinligi» haqida ogohlantirgandi. Uning o‘sha hafta oxiridayoq bu taxlit jiddiy jarohatga yo‘liqishi so‘zlari ta’sirini karrasiga oshirib yubordi.

Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, «Siti» 2019 yil avgustidan beri Rodrisiz 21 ta bahsda ishtirok etdi va ularning 7 tasida mag‘lubiyatga uchradi. Shundan uchtasi o‘tgan mavsumning birinchi yarmida kuzatilgani («Arsenal», «Vulverhempton» va «Aston Villa»ga qarshi) bugungi Gvardiola jamoasining ushbu yarimhimoyachiga naqadar bog‘lanib qolganini ko‘rsatishi mumkin.