O‘zbekiston | 23:56 / 04.10.2018
8535
6 daqiqa o‘qiladi

Turkiya insonparvarlik yordami ko‘rsatuvchi mamlakatlar orasida birinchi

Bugungi kunga kelib jahon miqyosida qochqinlarga boshpana bergan va ularga yordam ko‘rsatayotgan mamlakatlar orasida Turkiya yetakchilik qilmoqda. KUN.UZ muxbiri Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Bashar Shenning so‘zlariga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Raqamlar

Elchining ta'kidlashicha, 12 yil avval Turkiyaning boshqa mamlakatlarga ko‘rsatayotgan insonparvarlik yordami hajmi 85 million dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2015 yilda bu ko‘rsatkich 3,1 milliard dollarga yetgan, 2016 yilda Turkiyaning gumanitar yordam ko‘rsatkichlari 6 milliard dollarni qayd etgan va 2017 yilga kelib 8,07 milliard dollarga baholangan.

Turkiya ushbu ko‘rsatkichlar bilan dunyodagi eng ko‘p insonparvarlik yordamini ko‘rsatuvchi mamlakat sifatida e'tirof etilgan. Undan keyingi o‘rinda kelgan Amerika Qo‘shma Shtatlari esa 6,68 milliard dollar ko‘rsatkich bilan ikkinchi pog‘onani qayd etgan.

Insonparvarlik yordami ko‘rsatuvchi top-5 davlatlar reytingi:

1. Turkiya;

2. AQSh;

3. Germaniya;

4. YeI institutlari;

5. Yaponiya.



2016 yilning 23-24 may kunlari Turkiya Respublikasi tashabbusi bilan birinchi marta Jahon insonparvarlik sammiti (WorldHumanitarianSummit - WHS) o‘tkazildi. Undan maqsad - dunyo mamlakatlari bilan kelishgan holda ehtiyojmandlarga insonparvarlik yordamini ko‘rsatish.

Turkiya qaysi davlatlarga yordam qo‘lini cho‘zmoqda?

Turkiya nafaqat o‘z hududida, balki dunyoning turli burchaklaridagi ehtiyojmand kishilarga yordam berib kelayotgani hech kimga sir emas.

Sudan. Bu mamlakat mushkulini oz bo‘lsa-da yengillashtirish maqsadida 2018 yilning iyunida Turkiya 10 ming tonna bug‘doy yetkazib berdi.

Somali. Qurg‘oqchilik oqibatlarini yengillashtirish maqsadida 2016 yilda Somaliga 20 ming tonnaga yaqin oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an tashabbusi bilan 2017 yilda "Umidli bo‘l" shiori ostidagi yordam kampaniyasi boshlab berildi va 2017 yilning 17 iyunida Mogadishoga insonparvarlik yordami yetkazildi.

Liviya. Shifoxona va tibbiyot markazlarining shoshilinch tibbiy jihoz va dori-darmonga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, 2017 yilning may oyida Turkiya Qizil yarim oy jamiyati tomonidan tayyorlangan 22 tonna dori vositalari va tibbiy ehtiyoj mahsulotlari Liviyaga yuborildi.

Yaman. 2017 yil aprelida amalga oshirilgan "Yamandagi insoniy inqiroz bo‘yicha yuqori darajali va'da" tadbirida va'da qilingan 1 million dollar vabo epidemiyasiga qarshi kurashda foydalanish uchun YUNISEF hisobiga o‘tkazildi. Shuningdek, vaboni davolashda qo‘llaniluvchi 50 tonna atrofidagi dori vositalari va tibbiy jihozlar yetkazildi. Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, tibbiyot aravachalari va ikki sahro mobil shifoxonasidan iborat yordam dengiz transporti orqali Adan shahriga yo‘llandi. 10 560 tonna og‘irlikdagi ushbu yordamlarning umumiy qiymati 8 million 840 ming AQSh dollariga teng.

Myanma. 2017 yil avgustida Arakan provinsiyasi shimolida yuzaga kelgan vaziyatdan keyin Turkiya Myanma va Bangladeshdagi rohingya musulmonlariga katta yordam berib kelmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlari, mobil kasalxona, yashash va davolanish obektlarini o‘zida jamlagan keng ko‘lamli lager qurilishiga doir ishlar shular jumlasidandir. Bashar Shenning so‘zlariga ko‘ra, bugunga kelib 30 nafar shifokor Bangladeshdagi rohingya musulmonlariga tibbiy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Bundan tashqari, qochqinlar har kuni issiq ovqat bilan ta'minlanadi. Bangladeshdan boshpana topgan rohingya musulmonlariga jami 7 million 400 ming AQSh dollari miqdorida yordam ko‘rsatilgan.

Falastin. Turkiya bu mamlakatga ko‘rsatayotgan amaliy yordamlaridan tashqari, Falastinlik qochqinlarga ko‘mak berish agentligi (UNRWA)ga ham yordam beradi. Turkiyaning UNRWA 2017 yilgi byudjyetiga qo‘shgan hissasi 1,5 million dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, keyinchalik Agentlik talabiga ko‘ra 500 ming AQSh dollari miqdorida, Agentlik kotibiyati fondini tashkil qilishga yana 100 ming AQSh dollari ajratildi. 2018 yil fevral oyida - 1,5 million, keyinroq qo‘shimcha yana 10 million AQSh dollari miqdoridagi yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari, Turkiya ushbu mamlakatga 2017 yilda 15 tonna, 2018 yilda esa 26 tonna yetkazib bergan.

G‘azo sektori. Bu hududdagi jabrlanganlarga shoshilinch yordam zarur bo‘lgan vaziyatlarda foydalanish uchun Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotiga 1,2 million AQSh dollari miqdorida yordam transferi amalga oshirildi.

Suriya. So‘nggi yillarda Turkiya zo‘ravonliklardan qochgan suriyaliklarga nisbatan ochiq eshiklar siyosatini davom ettirmoqda. Xalqaro huquq normalari doirasida ularning majburan qaytarib yuborilmasligi va chegaradan qaytarilmasligi tamoyillarini joriy qilib, suriyaliklarni ajratmasdan, “vaqtinchalik himoya”  bilan ta'minlab kelmoqda.

Umumiy hisobda Turkiya 4 milliondan ziyod qochqinga joy bergan bo‘lsa, ularning aksariyatini suriyaliklar tashkil qiladi. Elchining ta'kidlashicha, Suriyadagi zo‘ravonliklardan qochib, Turkiyadan qo‘nim topganlar soni 3,5 milliondan oshgan. So‘nggi 7 yil ichida Turkiyada 300 mingdan ortiq suriyalik chaqaloq dunyoga kelgan. 2018 yil avgust oyida Turkiyada maktab yoshida bo‘lgan suriyalik bolalarning soni 976 mingdan oshdi, bu bolalarning 620 mingga yaqini shu mamlakatda ta'lim olmoqda. Mamlakat shifoxonalarida 1,5 million jarrohlik operatsiyalari amalga oshirildi.

Turkiyaning insonparvarlik yordamlari bo‘yicha videomaterialni quyidagi havola orqali ko‘rishingiz mumkin:

Mavzuga oid