Sport | 17:06 / 05.10.2018
3067
2 daqiqa o‘qiladi

Paraosiyo o‘yinlari munosabati bilan Jakartada O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi

Ertaga, 6 oktabr kuni Indoneziyada III Paraosiyo o‘yinlari rasman start oladi.

O‘zbekiston sport delegatsiyasi musobaqa o‘tkaziladigan mamlakatga katta tayyorgarlik bilan yetib borgan. Asosiy musobaqalar boshlanishiga ikki kun qolganida o‘zbekistonlik atletlar navbatdagi rasmiy tadbir – ishtirokchi mamlakatlarning bayroqlarini ko‘tarish marosimida qatnashishdi, deya xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi vakillari, murabbiylar va sportchilar ishtirok etishdi. Madhiya sadolari ostida mamlakat bayrog‘i ko‘tarildi. Endi Jakartadagi Paralimpiya shaharchasida O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i ham hilpirab turibdi.

Tadbir yakunida Paralimpiya shaharchasi meri Rafik Hakim Radinal delegatsiyalar rahbarlariga esdalik sovg‘alarini topshirdi. O‘z navbatida, O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi nomidan mezbonlarga atalgan esdalik sovg‘asi tuhfa qilindi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Mazkur o‘yinlarda o‘zbekistonlik atletlar paralimpiya sportining dzyudo, suzish, yengil atletika, o‘q otish va pauerlifting turlari bo‘yicha medallar uchun kurash olib boradi. Turnirda jami 18 ta sport turi bo‘yicha medallar uchun bahslar bo‘lib o‘tadi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Ertaga, 6 oktabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:08da (Toshkent vaqti bilan 16:08) Jakartadagi «Gelora Bung Karno Stadium»da musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. 7 oktabrdan esa asosiy musobaqalarga start beriladi. Yopilish marosimi 13 oktabrga belgilangan.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi
Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi
Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid