Jahon | 08:59 / 06.10.2018
10693
2 daqiqa o‘qiladi

Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston xalqiga an'anaviy murojaat bilan yuzlandi

Foto: Liter.kz

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston xalqiga an'anaviy murojaat bilan yuzlandi.

Murojaat mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb muammolari va qozog‘istonliklar turmush tarzini yanada yaxshilash vazifalariga bag‘ishlangan. 

Milliy telekanallar mamlakat rahbari murojaatining jonli translyatsiyasini olib borishgan.

Nazarboyev o‘z murojaatida iqtisodiyotda raqobatni rivojlantirish bo‘yicha qat'iy choralar ko‘rish va uy-joy kommunal xo‘jaligidagi narxlarda tartib o‘rnatish; biznesni adolatsiz ma'muriy bosim va jinoiy ta'qib tahdidlaridan himoyalashni oshirish; eksportga yo‘naltirilgan sanoatlashtirish iqtisodiy siyosatning markaziy unsuri bo‘lishi; moliyaviy sektorning iqtisodiyotni rivojlantirishdagi rolini kuchaytirish va uzoq muddatli makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash lozimligini aytgan.   

Qozog‘iston prezidenti aholi turmush tarzini yaxshilash maqsadida 5 yil davomida ta'lim, fan va sog‘liqni saqlash uchun xarajatlarni YaIMning 10 foiziga yetkazish; maktabgacha ta'lim sifatini tubdan yaxshilash; “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish; hududiy darajada ommaviy sport va jismoniy tarbiyani rivojlantirish; qozog‘istonliklar sifatli oziq-ovqat mahsulotlari iste'mol qilishlari; aholini sifatli va arzon uy-joy bilan ta'minlash zarurligini ta'kidlab o‘tgan.

Nazarboyev davlat boshqaruvi tizimida ham bir qator vazifalarni amalga oshirish zarurligini aytib o‘tgan. Jumladan, huquq-tartibot idoralari faoliyatida chuqur va samarali islohotlarni amalga oshirish, sud tizimini yanada modernizatsiyalash; davlat idoralari ishi samaradorligini tubdan yaxshilash; korrupsiyaga qarshi faol kurashni davom ettirish; hukumat va barcha davlat idoralari ishida rasmiyatchilik va qog‘ozbozchilikni kamaytirish lozimligi ta'kidlab o‘tilgan.

Qozog‘iston prezidenti mamlakatni muvaffaqiyatli rivojlantirish uchun faol tashqi siyosatni olib borish zarurligini qo‘shimcha qilgan.   

Mavzuga oid