Bojxona kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi
3.10.2018 yildagi O‘RQ–494-son Qonun bilan Bojxona kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Bojxona brokeri fuqarolik javobgarligini sug‘urtalash – majburiy
Norma’ning yozishicha, bojxona brokeri – bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha operatsiyalarni deklarantning yoki vakolatli shaxsning topshirig‘iga binoan va uning nomidan shartnoma asosida amalga oshiradigan O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxsi. Ilgari bunga maxsus ruxsatnoma talab etilar edi, biroq u 1 iyundan bekor qilindi. Shu munosabat bilan Bojxona kodeksiga tegishli tuzatishlar kiritildi (ruxsatnoma haqida hech narsa deyilmagan).
Biroq endi bojxona brokeri deklarant yoki vakolatli shaxs oldidagi o‘z fuqarolik javobgarligini EKIHning 1 000 baravari miqdorida sug‘urtalashi shart (184 mln 300 ming so‘m). Summa tasodifan belgilanmagan, u ilgari ruxsatnoma olish uchun talab qilinadigan bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta'minlash miqdori bilan bir xil.
Ma'lumot uchun: deklarant – tovarlarni va (yoki) transport vositalarini o‘z nomidan deklaratsiyalovchi shaxs yoxud uning nomidan tovarlar va (yoki) transport vositalari deklaratsiyalanayotgan shaxs.
Vakolatli shaxs – tovarning va (yoki) transport vositasining egasi yoki tovarga va (yoki) transport vositasiga nisbatan bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq vakolatlarga ega bo‘lgan yoxud tovarning va (yoki) transport vositasining egasi nomidan tegishli shartnoma yoki ishonchnoma asosida ish ko‘ruvchi shaxs.
Ilgari bojxona brokerlari sug‘urtalashni bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta'minlash mumkin bo‘lgan usullardan biri sifatida ixtiyoriy ravishda tanlashi mumkin bo‘lgan (Bojxona kodeksining 339-moddasi). Bunda alohida bayon etilgan sug‘urtalash tartibi bo‘lmagan. Sug‘urtalashga majburiy maqom berilishi bilan bunday hujjat qabul qilinishi kutilmoqda.
Deklarant vakolatlari kengaytirildi, bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislar malaka sertifikati bekor qilindi
Eslatib o‘tamiz, 1 iyuldan bojxona brokerlariga murojaat qilmasdan, BYuDni to‘ldirish va ularni bojxona organlariga topshirish mumkin bo‘ldi. Barchasi Internet orqali real vaqt rejimida amalga oshiriladi. Buning uchun YaIDXPda «Deklaratsiyalovchi shaxslar ro‘yxati» maxsus interaktiv xizmati joriy qilindi.
Shu munosabat bilan, tashqi iqtisodiy faoliyatning har bir ishtirokchisi tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini to‘siqlarsiz amalga oshirishi uchun:
a) bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassisning malaka sertifikati bekor qilindi. Bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassis – bu bojxona brokeri yoxud boshqa yuridik shaxs bilan mehnat shartnomasi tuzgan va ushbu yuridik shaxs nomidan bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha ish bajaradigan xodim (O‘zbekiston Respublikasi jismoniy shaxsi).
Shu tariqa, mehnat shartnomasi tuzilgan tashkilotning har qanday xodimi bojxona rasmiylashtiruvi bilan shug‘ullanishi mumkin.
b) deklarantlar huquqlari kengaytirildi. Ular quyidagilarga haqli:
• bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha operatsiyalarni bajarish uchun bojxona nazorati zonasiga kirish;
• bojxona masalalari bo‘yicha bojxona organlaridan axborot va maslahatlar olish;
• tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona hududidan olib chiqish niyati to‘g‘risida bojxona organlarini xabardor qilish;
• dastlabki operatsiyalar amalga oshirilayotganda bojxona maqsadlari uchun zarur bo‘ladigan hujjatlarning loyihalarini tayyorlash;
• deklaratsiyalanadigan tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona omborlariga bojxona nazorati ostida joylashtirish.
Ruxsat olish va kelishishlar kamaytirildi
Kiritilgan tuzatishlarga ko‘ra ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan korxonalar:
• tovarni qayta ishlash jarayonining texnik-iqtisodiy asoslarini vakolatli organ bilan kelishishi;
• tovarni bojxona hududida/hududidan tashqarida qayta ishlash mamlakatning iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazmasligi haqida vakolatli organning xulosasini olishi shart emas.
Hujjat 4.10.2018 yildan kuchga kirdi.
Mavzuga oid
17:56 / 06.11.2024
Tezkor qidiruv tadbirlari tizimining texnik vositalari bojdan ozod qilindi
12:37 / 05.11.2024
Sirdaryoda buvi va nevara qariyb 7 kg tilla taqinchoqni chegaradan yashirincha olib kirishga urindi
15:30 / 23.10.2024
9 oyda bojxonada qancha qurol va o‘q-dori ushlab qolingani aytildi
18:08 / 01.10.2024