O‘zbekiston | 11:38 / 11.10.2018
8256
3 daqiqa o‘qiladi

Auditor bo‘lish osonlashadi

Foto: Depositphotos

Moliya vazirligi yangi tahrirdagi Auditor malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida nizom loyihasini e'lon qildi.
 
Norma’ning yozishicha, ayni paytda Auditor malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida nizom amal qiladi. Auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasiga muvofiq ushbu hujjatga o‘zgartirishlar ishlab chiqildi. 
 
Eslatib o‘tamiz, malaka sertifikati dastlab 5 yillik muddatga beriladi, so‘ng – navbatdagi 10 yilga va keyinchalik muddatsiz davrga uzaytiriladi.
 
Auditorlar malaka sertifikatini olgan yildan keyingi yildan e'tiboran har yili o‘tishlari shart bo‘lgan malaka oshirish dasturlari hajmini 60 soatdan 40 soatgacha qisqartirish taklif etilmoqda.
 
Malaka sertifikatini olishga talabgorlarning ma'lumoti va ish stajiga qo‘yiladigan talablar ham o‘zgaradi. Loyiha o‘zgartirishlarsiz qabul qilingan taqdirda nomzod quyidagi 3 ta variantdan biriga muvofiq kelishi kerak bo‘ladi:
 
• oliy ma'lumotga va oxirgi 5 yil ichida kamida 3 yillik auditorlik faoliyatini amalga oshirish yoxud buxgalteriya hisobini yuritish va moliyaviy hisobot tuzish, yoki ushbu sohalarda dars berish bilan bog‘liq ish stajiga ega bo‘lish;
• «buxgalteriya hisobi» va «audit» ixtisosliklari bo‘yicha magistr diplomi bilan auditorlik tashkilotida kamida 1 yillik amaliy ish stajiga (sh.j. o‘rindoshlik asosida) ega bo‘lishning o‘zi kifoya;
• O‘zbekistonda yoki xorijiy davlatda (nostrifikatsiyalash o‘tkazilganligi sharti bilan) olingan iqtisodiy fanlar sohasida ilmiy darajaga ega bo‘lganda ish stajiga doir talablar qo‘yilmaydi.
 
Bundan tashqari, CIPA, ASSA, SRA, Sertifikatlangan malakali buxgalter, DipIFR sertifikatlari va diplomlariga ega bo‘lgan mutaxassislarga auditor malaka sertifikatini berish tartib-taomilini soddalashtirish taklif etilmoqda. Ular uchun auditorlik tashkilotlarida ish stajiga ega bo‘lish va malaka imtihonidan o‘tish talabi bekor qilinadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid