17:20 / 14.10.2018
49596

Messiga o‘rinbosar bor, endi u «Barselona»ni bepul asosda tark etishi mumkin

«Barselona» rahbariyati jamoa sardori Lionel Messining shartnomasi masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi.

Kuni kecha Mundo Deportivo nashri Kataloniya klubi rahbariyati argentinalik hujumchi bilan 2022 yoki 2023 yilga qadar mo‘ljallangan yangi bitim imzolash harakatiga tushganini ma'lum qilgan edi. Unga ko‘ra, hozirda mutasaddilar taklifning moliyaviy tomonlarini ishlab chiqishmoqda. Muzokaralar kelasi yildan boshlanishi kutilyapti.

Ushbu manba tomonidan tarqatilgan navbatdagi xabarda aytilishicha, Messi bilan tuziladigan yangi bitimga asosan futbolchi 2020 yilda klubni erkin agent sifatida bepul asosda tark etish huquqiga ega bo‘lishi mumkin. Bunda faqat bir shart qayd etilmoqdaki, unga ko‘ra Messining yangi jamoasi Yevropaning top-klubi bo‘lmasligi kerak.

Messining shartnomasi o‘tgan yilning noyabrida ham yangilanib, 2021 yil yoziga qadar uzaytirilgan endi. O‘shanda tomonlar bu kelishuvni muddatidan oldin bekor qilish summasi 700 million yevro bo‘lishiga kelishib olishgan.

Ayni paytda Football Espana nashri keltirgan ma'lumotga ko‘ra, kataloniyaliklar Leoning 2020 yilda klubdan ketishi ehtimoli yo‘q emasligini hisobga olib, ba'zi bir rejalarni tuzib qo‘ygan.

Xususan, «ko‘k-anorranglilar» Messi jamoani tark etgan taqdirda uning o‘rniga «Liverpul» hujumchisi Muhammad Salohni olib kelish mumkin, deb hisoblashmoqda. Qo‘shimcha sifatida ushbu futbolchi La Ligada o‘z kuchini sinab ko‘rish istagida ekani aytilmoqda.

Mavzuga oid
Top