Angliya: «Arsenal»da rejadan tashqari mag‘lubiyat

«Arsenal» – «Bornmut» 1:2
Gollar: Krupi, 17 (0:1). Yokeresh, 35 – penalti (1:1). Skott, 74 (1:2)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Lyuis-Skelli, Uayt (Moskera, 76), Subimendi (Gabriel Jyezus, 76), Rays, Havers (Eze, 54), Martinelli (Douman, 54), Madueke (Trossar, 54), Yokeresh
«Bornmut»: Petrovich, Senesi, Hill, Tryuffer, Ximenes (Smit, 90), Skott, Kristi (Adams, 70), Taverne, Krupi (Tot, 85), Rayan (Bruks, 70), Evanilson (Enes Yunal, 90)
Ogohlantirishlar: Yokeresh, 80 – Tryuffer, 77. Krupi, 79. Hill, 90

Liga kubogi finalidagi mag‘lubiyat, Chempioship vakili «Sauthempton»ga qarshi o‘yinda yutqazib, Angliya kubogini tark etish, YeChLda «Sporting»ga qarshi o‘yindagi qiyin g‘alaba – bular chuqur inqirozni anglatmaydi, ammo «Arsenal» barcha o‘yinlarda qiynalayotganini ko‘rsatadi. Umuman olganda, aprel – Mikel Arteta uchun eng muammoli oy hisoblanadi.

«Bornmut»ga qarshi o‘yin boshida Tryufferning uzatmasidan keyin to‘p rikoshet orqali Krupining oyog‘iga borishi va hisob ochilishidan keyin bu o‘yinda ham londonliklarga oson bo‘lmasligi oydinlashdi.

Birinchi bo‘limning o‘zida to‘p jarima maydoni ichida qo‘l bilan o‘ynalgani uchun belgilangan penaltini Yokeresh aniq ijro etdi va hisobni tenglashtirdi.

Odatda ushbu shvetsiyalik hujumchi gol urgan o‘yinlarda «kanonirlar» g‘alabani o‘ziniki qiladi. Ammo bu safar emas. Arteta ikkinchi bo‘limda zaxiradan futbolchilarni tashlash orqali hujum chizig‘ini kuchaytirishga urindi, ammo g‘alaba golini urish mehmonlar yarimhimoyachisi Skottga nasib etdi. «Bornmut» mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirdi (+5=7), bu esa klub uchun rekord hisoblanadi. Barcha turnirlar doirasida so‘nggi to‘rt o‘yinda uchinchi bor yutqazgan (jamoaning undan oldingi 49 o‘yindagi jami mag‘lubiyatlari soni uchta edi) Arteta shogirdlari esa APL chempionlik poygasidagi vaziyatni o‘zi uchun qiyinlashtirib qo‘ydi: bugun «Siti» «Chelsi» bilan o‘yinda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, oradagi farq 6 ochkogacha qisqaradi («shaharliklar»da yana bitta zaxira o‘yini bor).

«Liverpul» – «Fulhem» 2:0