O‘zbekiston | 11:02 / 15.10.2018
10342
6 daqiqa o‘qiladi

Davlat ekologiya qo‘mitasi tuzilmasida yangi muassasalar tashkil etildi

Foto: mice-uzbekistan.uz

Idoraga uning hududiy bo‘linmalarini mustahkamlash uchun 404 shtat birligi ajratildi, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati xodimlarining soni esa qisqartirilmoqda, deb yozadi Norma
 
Davlat ekologiya qo‘mitasi tuzilmasida 3 ta yangi tashkilot tashkil etilmoqda.
 
Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspeksiyasi
 
Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda Chiqindilarning hosil bo‘lishi, to‘planishi, saqlanishi, tashilishi, utilizatsiya qilinishi, qayta ishlanishi, ko‘milishi va realizatsiyasini nazorat qilish inspeksiyasi negizida tashkil etiladi. Yangi tashkil etilgan inspeksiyaning vazifalari jumlasida:

• yer, yer osti boyliklari, suv, o‘rmonlar, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar, hayvonot va o‘simlik dunyosi, atmosfera havosini muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan davlat ekologik nazoratini amalga oshirish;
• o‘simlik va hayvonot dunyosi obektlarining mavjud bo‘lishi, turlarining xilma-xilligini, tabiiy turkumlari yaxlitligini va ularning yashash muhitini saqlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
• chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish, mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorlikda maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish borasidagi amaliy tizimni samarali tashkil etish;
• chiqindilarni yig‘ish punktlarini tashkil etish, ularni o‘z vaqtida olib chiqish, ruxsat etilmagan chiqindixonalarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, chiqindi poligonlarini boshqarish, ularni utilizatsiya qilish, qayta ishlash, ko‘mish va realizatsiya qilishni belgilangan tartibda nazoratga olishni tashkil etish;
• fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan jamoat ekologik nazoratini amalga oshirishda hamkorlik qilish.
 
Sanitar tozalash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan korxonalar respublika birlashmasi
 
Birlashma “Toza hudud” DUK va “Maxsustrans” DUKning Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan har yili tasdiqlanadigan xarajatlar smetasi doirasidagi ajratmalari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
 
Birlashmaga quyidagi vazifalar yuklatildi:

• maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmatlar ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan davlat unitar korxonalarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini muvofiqlashtirish;
• harakatdagi tarkibga texnik xizmat ko‘rsatish va ta'mirlash ishlarini bajarish, shuningdek, sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi obektlarini qurish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish bo‘yicha tashkiliy-texnik tadbirlarni muvofiqlashtirish;
• maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish holatini tizimli monitoring va tahlil qilish;
• axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish, shu jumladan elektron to‘lov tizimlaridan keng foydalanish ishlarini tashkil etish;
• ikkilamchi resurslarning xo‘jalik aylanmasiga jalb qilinishini rag‘batlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni, shuningdek, maishiy chiqindilarni saralash va qayta ishlash bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarni joriy etish;
• investitsiya loyihalarini amalga oshirishda xalqaro va milliy organlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish.
 
Ekologik axborot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va multimedia markazi
 
AKT va billing tizimini joriy etish va rivojlantirish markazi negizida tashkil etiladi. Bu tashkilot tovarlarni (ishlar, xizmatlar) sotishdan olingan mablag‘lar, Davlat ekologiya qo‘mitasining byudjyetdan tashqari mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
 
Quyidagilar uning vazifalari etib belgilandi:

• atrof muhitni muhofaza qilish sohasida avtomatlashtirilgan axborot tizimlari, resurslari va ma'lumotlar bazasini yaratish, rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ularni davlatning boshqa organlari tizimlari bilan izchil integratsiyalashtirish, rivojlantirish va olib borish, Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot tizimlari xavfsizligini ta'minlash;
• ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida davlat kadastrini, shuningdek, yovvoyi hayvonlar hamda yovvoyi holda o‘sadigan o‘simliklarni ko‘paytirish va saqlash bo‘yicha pitomniklarni, zoologiya va botanika kolleksiyalari davlat hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish, rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash;
• atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishning monitoringi, tahlili va holatini baholash jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, atrof muhit holatini modellashtirish va prognoz qilish bo‘yicha dasturiy mahsulotlarini yaratish;
• zamonaviy texnologiyalar va ijodiy yondashishlardan bevosita foydalangan holda ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida keng jamoatchilik xabardorligini oshirishga qaratilgan axborot-tahlil va obzorli media materiallarini tayyorlash, ekologik madaniyatni oshirish, atrof muhitni muhofaza qilish sohasida huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldini olish;
• tayyorlanadigan axborot-tahlil va obzorli media materiallarini tezkorlik bilan tarqatish uchun mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqindan hamkorlik qilish.
 
Hujjat 5.10.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid