Sport | 19:53 / 19.10.2018
11916
4 daqiqa o‘qiladi

«Bavariya» rasmiylari bosh murabbiy borasidagi barcha mish-mishlarga chek qo‘ydi

«Arsenal»ning sobiq ustozi Arsen Venger «Bavariya» bosh murabbiyi Niko Kovach o‘rnida ish boshlashi haqidagi ma'lumot tasdiqlanmadi. Bu masalaga bugun Myunxen klubi rahbariyati ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida to‘la oydinlik kiritilgan.

Goal xabariga ko‘ra, matbuot uchun tashkil etilgan 19 oktabr kungi tadbirda «Bavariya» prezidenti Uli Hyoness, klub boshqaruvi raisi Karl-Haynts Rummenigge va sport direktori Hasan Salihamijich qatnashgan. Bu uchala rahbar so‘nggi marta Yupp Haynkes bosh murabbiy etib tayinlanishi e'lon qilinganida OAV qarshisida birgalikda ko‘rinish bergandi.

«Meni jamoatchilik oldida Niko Kovachni qo‘llab-quvvatlamaslikda ayblashdi. Shuning uchun men nimadir gapirishim kerak ekan, lekin nega? Biz uning mehnatini qadrlaymiz. Hammaning oldida bir-birimizni qo‘llashimiz shart emas», - deya ta'kidlab o‘tdi Hyoness.

«Niko biz uni qo‘llab-quvvatlashimizni biladi. Matbuotda bo‘layotgan gap-so‘zlarga aql bovar qilmaydi», - deya fikr bildirgan Salihamijich.

«Bugun «Bavariya» uchun muhim kun, shuning uchun biz faktlarning vijdonsizlarcha yolg‘onga aylantirilishi yana davom etishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Bugundan boshlab o‘z futbolchilarimiz, murabbiylarimiz va butun klubni himoya qilamiz», - degan o‘z navbatida Karl-Haynts Rummenigge.

Matbuot anjumanida ishtirok etgan Niko Kovachning o‘zi ham mazkur holatga munosabat bildirib o‘tgan.

«Fakt shuki, natijalar – adolatsiz. Oxirgi to‘rtta uchrashuvda yaratgan vaziyatlarimiz soni dastlabki o‘yinlarimizda bo‘lganidan kam emasdi. Muammo – biz ularni amalga oshira olmaganimizda. Yomon o‘yinlar bo‘lgani yo‘q, faqat to‘p darvozaga kirmadi. Biz hamma narsani o‘zgartirib, barchasiga shubha bilan qaramaymiz. Bizga faqat biroz omad kerak bo‘lyapti, xolos.

Jamoaning kayfiyati a'lo, biz o‘z ishimizga pozitiv ruhiyatda yondashishni istayapmiz. Ichimizda futbolga nisbatan ehtiros olovi bor.

Hayot omadsizlik va muvaffaqiyatlardan iborat. Sizni ishontirib aytamanki, biz haqiqatan ham yaxshilab tayyorgarlik ko‘ryapmiz», - deya ta'kidlab o‘tgan Kovach.

Eslatib o‘tamiz, Niko Kovach shu yilning aprel oyida Yupp Xaynkess o‘rniga jamoa boshqaruviga kelgan, u bilan 3 yillik shartnoma imzolangan edi. Nemis mutaxassisining debyut bahsi Germaniya Superkubogi uchrashuvi bo‘lgan, unda myunxenliklar «Frankfurt»ni 5:0 hisobida mag‘lub etib, sovrin egasiga aylanishgan edi.

Ortda qolgan vaqt davomida Germaniya chempioni xorvatiyalik murabbiy qo‘l ostida 11 o‘yinda maydonga  tushib, 7 g‘alaba, 2 durang va 2 mag‘lubiyat qayd etdi. Jamoa qariyb bir oydan buyon g‘alaba qozona olmay kelmoqda. 25 sentabr kuni «Augsburg» bilan durang (1:1) qayd etgan «Bavariya» oradan uch kun o‘tib «Herta» maydonidan mag‘lubiyat bilan qaytgan edi (0:2). Shundan so‘ng YeChLdagi «Ayaks» bilan o‘yin 1:1 hisobi bilan yakun topdi, Bundesligada  eng asosiy raqib «Borussiya M»ga «Alyants Arena»da yirik hisobda imkoniyat boy berildi – 0:3. Umuman, klub so‘nggi to‘rt muvaffaqiyatsiz o‘yindan uchtasini o‘z maydonida o‘tkazgan edi.

«Bavariya» Bundesliganing 7-turidan keyin 13 ochko bilan 6-o‘rinni egallab turibdi. Birinchi o‘rindagi Menxengladbaxning «Borussiya» klubi 17 ochkoga ega.

Mavzuga oid