Jahon | 21:21 / 22.10.2018
10307
3 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni yo‘qolgan jurnalistning qiyofadoshini yasashda gumonlanmoqda

Foto: REUTERS

Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligi xodimlari jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilish izlarini berkitish uchun uning qiyofadoshidan foydalanmoqchi bo‘lishgan, deb xabar beradi CNN telekanali.

The Washington Post sharhlovchisi bosh konsullikka kirganidan bir necha daqiqa o‘tgach, kuzatish kameralari Istanbul bo‘ylab yo‘qolgan jurnalistning kiyimlarida sayr qilib yurgan, sun'iy soqol va ko‘zoynakka ega erkakni suratga oladi. Turk politsiyasining qayd etishicha, bu odam — Qoshiqchining o‘ldirilishidan gumonlanayotgan 15 nafar saudiyalikdan biridir.

Rasmiy Anqaraning ta'kidlashicha, kameralarda tasvirga olingan shaxs Saudiya Arabistoni maxsus xizmatlari vakili Mustafo al-Madaniydir. Uning tashqi ko‘rinishi jurnalistga o‘xshab ketadi. Bundan tashqari, ularning bo‘y-basti va yoshi ham teng. Bunday ishga qo‘l urilganiga sabab, kuzatuvchilarni jurnalist konsullikni soppa-sog‘ holda tark etganiga ishontirishdan iborat bo‘lgan.

Turkiyadagilar Madaniy aynan qiyofadosh sifatida harakat qilish uchun mamlakatga kelganini ta'kidlashmoqda. «So‘rov uchun qiyofadosh kimga kerak — deyilmoqda turk maxsus xizmatidagilar. — Bu borada bizning pozitsiyamiz avvalgidek qoladi: bu oldindan rejalashtirilgan qotillik va jasad konsullik binosidan olib chiqilgan».

Avvaliga Saudiya hokimiyati Qoshiqchi hamma muammolarini hal etib, konsullikni eson-omon tark etganini ta'kidlab kelayotgan edi. Keyinroq, 20 oktabrda ular jurnalistning o‘limini tan olishdi. Qirollik bosh prokurorining so‘zlariga ko‘ra, jurnalist va diplomatik missiya xodimlari o‘rtasida janjal kelib chiqqan va u mushtlashuvga aylangan, uning oqibatida Qoshiqchi o‘ldirilgan.

Ish bo‘yicha Saudiya Arabistonining 18 tabaasi (fuqarosi) ushlangan. Ularning shaxsi oshkor etilmayapti, lekin shunisi aniqki, valiahd shahzodaning bosh yordamchilari — umumiy razvedka xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Ahmad Asiriy va qirollik devonxonasi maslahatchisi Saud al-Qahtoniy o‘z vazifalaridan bo‘shatilgan.

Saudiya hokimiyatini tanqid ostiga olib kelgan jurnalist Jamol Qoshiqchi 2 oktabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligi binosiga kirib ketganidan so‘ng aloqaga chiqmay qo‘ygan. 17 oktabr kuni ommaviy axborot vositalari jurnalist konsullik binosida qiynoqqa tutilgani va boshi tanasidan juda qilganini xabar qilishdi. Uni so‘roq qilish chog‘ida bosh konsul o‘zi ham ishtirok etgani taxmin qilinmoqda.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid