14:10 / 23.10.2018
29899

Ronaldu «Old-Trafford»ga qaytdi, Lopetegi uchun so‘nggi imkon. YeChL anonsi

23-24 oktabr kunlarida Yevropa Chempionlar Ligasi 3-tur o‘yinlari o‘tkaziladi. Bugun 4ta guruhda 8ta uchrashuv bo‘lib o‘tadi.

Mourino va Ronaldu uchrashuvi

Foto AFP

Ikki mashhur portugaliyalikning munosabatlari hamisha murakkab bo‘lgan. Krishtianu «Manchester Yunayted»da o‘ynaganida, Joze «Chelsi»ni boshqarardi va tez-tez hakamlarga ushbu vatandoshining simulyantligidan shikoyat qilardi. Bir safar bu Ronalduning joniga tekkan va ochiqchasiga munosabat bildirgan: «Mourino shunchaki mag‘lubiyatni qabul qila olmaydi. «Chelsi» murabbiyi ham o‘ziga xos javob qaytargandi: «Ronaldu yoshi kattalarni hurmat qilishni bilmaydi. Balki, bu tarbiyasizligi og‘ir kechgan bolaligi yoki yaxshi ta'lim olmagani tufaylidir».

Hatto «Real»da birga ishlashganida ham Krishtianu murabbiydan noroziligi haqida matbuotda gapiraverardi. Undan bir marta madridliklar jamoasining himoyaviy taktikasi haqida so‘rashganida, shunday degandi: «Menga bunday futbol yoqmaydi, ammo men o‘zimdan talab qilingan ishni bajarishga majburman».

Bu ikki yuqori ambitsiyalik shaxsning bir joyda bo‘lishi hamisha katta qiziqishlarga sabab bo‘ladi. Ronaldu va Mourino o‘rtasida hech qachon ochiq nizo bo‘lmagan, balki bu ularning ikkisi ham agent Jorjye Mendeshning mijozlari ekani bilan bog‘liqdir.

Hozir ular boshqa-boshqa chempionatlarda. Holbuki, Krishtianu «Yuventus»ga transfer bo‘lishidan oldin u «Real»dan «Manchester Yunayted»ga qaytishi mumkinligi haqida ham xabarlar tarqalgandi. U Manchesterga qaytmadi, ammo bugun «Old Trafford»da yana bir bor to‘p suradi. 

«Krishtianu hech narsani isbotlashi shart emas. U futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchilardan biridir», dedi o‘yinoldi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi.

Ronaldu Turin klubida ham asosiy yetakchiga aylanib oldi. U Italiya chempionatida oxirgi 6 o‘yinda 5 gol urdi va 3 marta sheriklarini golli uzatma bilan ta'minladi. Ammo u hali Chempionlar ligasida o‘zini ko‘rsatishga ulgurmadi, birinchi turda «Valensiya»ga qarshi o‘yinda qizil kartochka olgan Ronaldu ikkinchi turda «Yang Boyz»ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi.

«H» guruhining ikkinchi o‘yini Shveytsariyada kechib, unda «Yang Boyz» va «Valensiya» jamoalari o‘zaro hisob-kitob qilishadi.

Lopetegi uchun oxirgi o‘yin

Xulen Lopetegi. Foto REUTERS

«Real» bosh murabbiyi Xulen Lopetegi tinimsiz tanqidlar girdobida qoldi. Jamoa shanba kuni Ispaniya chempionati doirasida o‘z uyida «Levante»dan mag‘lub bo‘ldi va u «Santyago Bernabeu»da oxirgi kunlarni o‘tkazayotgani haqida yozishdi. Ispan nashrlari ma'lumotiga ko‘ra, YeChL doirasida «Viktoriya» Plzen klubiga qarshi o‘yin natijasi qanday bo‘lishidan qat'i nazar murabbiy iste'foga chiqariladi. 

O‘yin arafasida o‘tkazilgan matbuot anjumani vaqtida Lopetegi o‘zi ham, futbolchilar ham faqat o‘yin haqida o‘ylashayotgani haqida gapirdi.

«Real» «Levante»ga qarshi o‘yinda 8 soat davom etgan golsiz seriyasiga barham berdi, ammo Marseloning goli jamoani mag‘lubiyatdan qutqara olmadi. Madridliklar oxirgi g‘alabani 22 sentabr kuni qayd etishgandi. Ayni vaqtda jamoa ichki chempionatda yettinchi o‘rinda, YeChL guruh bosqichida esa TsSKA va «Roma»dan ortda qolgan holda uchinchi o‘rinda joylashgan.

«Viktoriya»ga qarshi uy uchrashuvida «Real» vaziyatni o‘nglashga harakat qiladi. Faqat yirik g‘alaba va sifatli o‘yingina Lopetegining iste'fosini keyinga qoldirishi mumkin.

«G» guruhi doirasidagi yana bir o‘yin Rimda, «Roma» va TsSKA o‘rtasida kechadi.

Zinchenko va Fernandino «Shaxtyor»ga qarshi

Aleksandr Zinchenko. Foto REUTERS

2015 yil boshida «Ufa» «Shaxtyor»dan 18 yoshli yarimhimoyachi Aleksandr Zinchenkoni transfer qilgandi. Donetskliklar klubida ukrainalik futbolchi 4 yil o‘tkazgan, Boshqirdistondagi ikki yildan keyin u Manchesterga yo‘l olgan. O‘shanda Zinchenkoning Gvardiola jamoasiga transfer bo‘lishi ko‘pchilik uchun kutilmagan hol bo‘lgan, ko‘pchilik u keyingi yillarda ijarama-ijara kezishini taxmin qilgandi. Hozirda esa u jamoasining asosiy tarkibida muqim o‘rin egallash uchun harakat qilmoqda.

«Siti» safida «Shaxtyor»ning yana bir sobiq futbolchisi Fernandino to‘p surmoqda. Braziliyalik bu futbolchi doimiy ravishda Angliya chempionining asosiy tarkibida va almashtirib bo‘lmas futbolchiga aylangan.

O‘tgan yilning dekabrida ham «shaharliklar» Xarkovga kelishgan va natijasi ahamiyatsiz o‘yinda «Shaxtyor»ga mag‘lub bo‘lishgan. Ammo o‘shanda «Siti» Ukrainaga ikkinchi tarkibini olib kelgandi, chunki jamoa oxirgi tur arafasida muddatidan avval guruhda birinchi o‘rin masalasini hal qilib ulgurgandi. «Shaxtyor» uchun esa bu o‘yindagi g‘alaba suv va havodek zarur edi. O‘shanda donetskliklar g‘alaba qozonib, «Napoli»ni uchinchi o‘rinda qoldirgan holda keyingi bosqichga yo‘l olishgandi.

Hozir esa vaziyat butunlay boshqacha. Inglizlar jamoasi birinchi turda «Lion»ga mag‘lub bo‘ldi va endi jamoaning xato qilishga haqqi yo‘q. «Shaxtyor» esa dastlabki ikki turda «Hoffenhaym» va «Lion» jamoalariga qarshi o‘yinlarda bir xilda 2:2 hisoblarida durang o‘ynagan va ayni vaqtda uchinchi o‘rinda joylashgan.

«F» guruhi doirasidagi ikkinchi o‘yinda «Hoffenhaym» «Lion»ga qarshi saf tortadi.

Bugun shuningdek, «E» guruhida Myunxenning «Bavariya» klubi Afinada AYeK klubi mehmoni bo‘ladi, «Ayaks» esa «Benfika»ni qabul qiladi.

Ayni vaqtda guruhda kutilmaganda amsterdamliklar jamoasi peshqadamga aylanib olgan.

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Top