O‘zbekiston | 15:08 / 26.10.2018
27736
2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishi qurilishini ko‘zdan kechirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 9 fevral kuni Yunusobod tumanida bo‘lib, metropoliten qurilishi bilan tanishgan edi.

Davlat rahbari 26 oktabr kuni bu yerga yana bir bor tashrif buyurib, qurilish ishlarining borishini ko‘zdan kechirdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Hozirgi kunda bu yerda Turkiston va Yunusobod stansiyalari hamda ular oralig‘ida tunnelni qurish ishlari olib borilmoqda. 

Ushbu tunnelni yopiq usulda qazish uchun Germaniyadan “Xerrenktnext” kompaniyasining mexanizatsiyalashgan majmuasi keltirilgan. Bu ulkan texnika may-sentabr oylari davomida yig‘ilgan. Soha mutaxassislari Germaniyada malaka oshirib keldi. Ko‘prik qurilish tresti tomonidan tunnel devorlarini mustahkamlovchi tyubinglar ishlab chiqarish sexi ishga tushirildi.  

Hozirgi kunda tunnel qazish ishlari boshlab yuborilgan. 

Prezident ushbu texnik majmuani ko‘zdan kechirdi. Mutasaddilarga metro stansiyalarining tashqi ko‘rinishi va infratuzilmasi bo‘yicha tavsiyalar berdi. 

Transport kommunikatsiyalarini qurishda shaharning kelgusi rivojini hisobga olish, hamma uchun qulay bo‘lishini ta'minlash zarurligini ta'kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Yunusobod tumaniga tashrif buyurgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid