Jamiyat | 12:02 / 27.10.2018
33551
6 daqiqa o‘qiladi

Murojaatlar yechimi Navoiy viloyati misolida: Nurota tumanidan lavhalar

O‘tgan 2017 yil 16 noyabrida Kun.Uz saytida “Qishloq hayoti. Soy suvini ichishga majbur bo‘layotgan nurotaliklar”, uning uzviy davomi sifatida oradan 3 oy o‘tgach, joriy yil 19 fevralida “Qizilchada 3 oydan so‘ng nima o‘zgardi? Hech narsa o‘zgarmadi”  sarlavhadagi navbatdagi maqola e'lon qilingan edi. 

Ularda Navoiy viloyati Nurota tumani Qizilcha qishlog‘i aholisini qiynab kelayotgan masalalar, xususan, 5,5 mingga yaqin kishi istiqomat qilayotgan katta qishloqni ichimlik suvi bilan ta'minlash, doimiy ishlaydigan dehqon bozori qurish, maktabni ta'mirlash, qishloq vrachlik punktida qariyalar uchun hech bo‘lmaganda 5-6ta statsionar (kunduzgi) koyka tashkil etish, maktabgacha ta'lim muassasasi qurish, Qizilchadan Navoiy shahrining Yangibozoriga avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish kabi muammolar yoritilgan edi. Bu masalalarda tuman hokimi Jamoliddin Hamroyev fikri ham eshitilgan, tuman rahbari ushbu muammolar hal etilishiga va'da bergandi. 

Tahririyat muxbiri oradan salkam bir yil o‘tganini inobatga olgan holda, ushbu qishloqqa yana bir karra borib, OAVda e'lon qilingan muammolar yechimi qanday hal etilayotganiga qiziqdi. Qayd etish joizki, Qizilcha MFYga navbatdagi tashrifimiz 2-sektor rahbari Faxriddin Norovning hududdagi 22-o‘rta maktabda mahalla faollari bilan yig‘ilishga to‘g‘ri keldi. Unda qishloqda ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash maqsadida skvajina (tik quduq) qazish, QVPni ta'mirlash, suv minorasi o‘rnatish hamda quduq hajmiga doir masalalar muhokama qilindi. 

Youtube'da ko‘rish

Facebook'da ko‘rish

Mover'da ko‘rish

Biz o‘tgan davr mobaynida qishloqda qanday ishlar amalga oshirilganiga qiziqamiz. Maktab sport zalining tom qismi shifer bilan qoplanibdi, umuman maktab filiali bilan qo‘shib hisoblanganda, 280 mln so‘mlik ta'mirlash ishlari olib borilgan. Eski maktab o‘rnida 70 o‘rinli maktabgacha ta'lim maskanini qurish ishlari jadal olib borilmoqda. Bu yerda zamonaviy MTM paydo bo‘ladi. E'tiborlisi, 2 mlrd 300 mln so‘mlik bolalar bog‘chasini muqobil ichimlik suvi manbai bilan ta'minlash maqsadida alohida quduq qazilmoqda. Rejaga muvofiq, 60-100 metr chuqurlikdan suv chiqarilib, MTM hududida 3ta hovuz barpo etiladi. 

Tuman markazidan 60 kmga yaqin masofada uzoq bo‘lgani bois shu atrofdagi (eng yaqin bo‘lgan Temirqovuq qishlog‘i ham Qizilchadan 25-30 km) aholi punktlariga xizmat qiluvchi doimiy ishlaydigan dehqon bozori qurish masalasida tadbirkor Aziz Boboqandovga yer maydoni ajratib berilgan. Tadbirkor 60 mln so‘m o‘z mablag‘i va 160 mln so‘m kredit mablag‘larini jalb qilgan holda bozor qurishni rejalashtirmoqda.  

Biz 2-sektor rahbaridan shu kabi ma'lumotlarni olar ekanmiz, 80dan oshgan otaxon Davron Qurbonov, quduq qazish ishlarini bajaruvchi “Obi hayot” MChJ vakili Raimjon Qodirov va boshqa faollar bilan Qizilchadan 10-15 km uzoqlikdagi ta'mirga muhtoj bo‘lib qolgan skvajinalardan birini borib ko‘rdik. Raimjon Qodirov ushbu quduq qayta ta'mirlansa, qishloqning 50-60 xo‘jaligi (200-250 kishi) bemalol suv bilan ta'minlanishiga ishonch bildirdi. 

Tuman hokimining qurilish va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Rustamov esa, Qizilcha qishlog‘i muammolari hal etilishi borasida quyidagilarni ma'lum qildi.

“Qizilcha MFYda 950 xo‘jalik istiqomat qiladi. O‘tgan yili bu mahallada ancha kamchiliklar aniqlangan. Tuman bo‘yicha maxsus dastur qabul qilindi. Dastavval, mahalla binosiga 120 mln so‘m mablag‘ ajratilib, ta'mirlash ishlari olib borilyapti. Haqiqatdan ham ichimlik suvi ta'minoti og‘ir bo‘lgani sababli 150 mln so‘m mablag‘ ajratildi. Yangi quduqlar qazish bo‘yicha ekspertiza xulosalari olish uchun hujjatlar taqdim etilgan. Yaqin kunlarda Geologiya-qidiruv ilmiy-tekshirish institutining xulosasi kutilmoqda. Qazish ishlarini olib boruvchilarni tanlashga doir tenderlar e'lon qilingan. Xulosa ijobiy chiqib, 17 km.lik loyiha amalga oshirilsa, qishloqda ichimlik suvi muammosini hal etish imkoni paydo bo‘ladi”, - dedi Sherzod Rustamov. 

Hokim muovinining so‘zlariga ko‘ra, Qizilchada shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha shu yilning o‘zida 4 mlrd so‘mga yaqin mahalliy va davlat byudjyetidan mablag‘ ajratilgan bo‘lib, ularni yil oxirigacha o‘zlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Yo‘llarni tungi vaqtlarda yoritish maqsadida chiroqlar ham o‘rnatilgan. 

Shu bilan birga, Sh.Rustamovning aytishicha, 2018 yilda tumanning Chuya, Soykechar kabi qishloqlari “Obod qishloq” davlat dasturlariga kiritilgan bo‘lsa, Dehqonobod, Yangiobod va A.Temir qishloqlari 2019 yil dasturlariga kiritilgan. Qizilcha qishlog‘ini esa 2020 yilgi “Obod qishloq” davlat dasturiga kiritish rejalashtirilgan.

Ta'kidlash o‘rinliki, Kun.Uz tahririyati asosan chorvachilikka ixtisoslashgan Nurota tumanining nafaqat Qizilcha, balki boshqa qishloqlarida istiqomat qiluvchi o‘zbekistonliklar munosib sharoitlarda istiqomat qilishlarini istaydi. O‘ylaymizki, tuman aholisi farovonligi uchun qilinayotgan obodonlashtirish ishlari to‘xtab qolmaydi.  

Mavzuga oid