
KUN.UZ saytida Navoiy viloyati Nurota tumani Qizilcha qishlog‘idagi ijtimoiy muammolar yuzasidan 2017 yil 16 noyabrida maqola e'lon qilingan edi. O‘sha safarimizda Qizilcha qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqarolar bilan uchrashib, ularni yillar davomida qiynab kelayotgan muammolar o‘rganilgan edi. Ularning ayrimlarini yana bir marta yodingizga solamiz:
- Qizilcha qishlog‘i aholisini mana bir necha yildirki, ichimlik suvi muammosi qiynab keladi. O‘tgan asrning 60-yillarida barpo etilgan ichimlik suv tizimiga ichimlik suvi Qorabuloqdan tog‘ daralari oralab, maxsus hovuzlarda to‘planganidan so‘ng keladi. 5500 dan ortiq fuqaro shu quvurlar orqali keladigan suvdan iste'mol qiladi. Ammo viloyat DSENM boshqarmasi ushbu ichimlik suvni zararsizlantirmasdan iste'mol qilishga yaroqsiz ekanini, unda parazitlar borligini qayd etgan. Qolaversa, aholi soni ortib borgani sayin birgina quvur orqali yetkazilayotgan yaroqsiz suv ham yetishmayapti. Bundan bir necha yil avval Qorabuloqdan ikkinchi quvurni tortish uchun budjetdan 800 mln so‘m pul sarflandi. Ammo loyihalashtirish sifatsiz amalga oshirilgani sababli pul havoga sovurildi. Ayni vaqtda undan foydalanish imkonsiz.

- 5500 fuqaro uchun qishloqda birorta ham savdo rastasi mavjud emas. Haftaning har dushanba tongida bir necha soatlik ko‘chma bozor tashkil etiladi. Aholi haftalik ehtiyoji uchun mahsulotlarni shu vaqtda xarid qilish tadorigini ko‘radi. Bir vaqtlar faoliyat yuritgan “Otalar choyxonasi” haqida gapirmasa ham bo‘ladi.














