O‘zbekiston | 15:06 / 30.10.2018
29992
2 daqiqa o‘qiladi

Maktablar oshxonasida qanday taomlar taqiqlangan?

Foto: RIA Novosti

O‘zbekiston Respublikasi bosh davlat sanitariya vrachining 2010 yil 18 sentabrdagi “Respublika umumta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining xavfsiz ovqatlanishini tashkil qilishini ta'minlash to‘g‘risida”gi 8-sonli qaroriga muvofiq umumta'lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning oshxona va bufetlarida taqiqlangan taomlar ro‘yxati shakllantirilgan.

Sanitariya-epidemiologiya nazorati matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ro‘yxatga quyidagilar kiritilgan:

gamburger, chizburger, xot-dog, bulochkadagi sosiska va kolbasa, chips, kiriyeshka, xrustyashka, saqich, koka-kola, fanta hamda boshqa turdagi gazlangan rangli ichimliklar, yaroqlilik muddati tugagan va sifati kafolatlanmagan oziq-ovqat mahsulotlari, bir kun oldin tayyorlangan ovqat hamda uning qoldiqlari, veterinariya nazoratidan o‘tmagan go‘sht, baliq va tovuq go‘shtlari, uyda tayyorlangan barcha oziq-ovqat mahsulotlar hamda taomlar, dastlabki ishlov berilmagan va pasterizatsiya qilinmagan sut hamda sut mahsulotlari.

Ushbu mahsulotlarning sotilishiga yo‘l qo‘yilmasligi ta'lim muassasalari rahbarlariga yuklatilganiga, DSENM xodimlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda nazorat ishlari o‘tkazilishiga qaramasdan ayrim holatlarda ushbu qarorning buzilishi kuzatilmoqda.

“Shu bois, umumta'lim muassasalarining oshxonalarida mahsulotlarning sotilishi ustidan ota-onalarning jamoat nazoratida qatnashishini maqsadga muvofiq deb bilamiz”, - deyiladi DSENM xabarida.

Mavzuga oid