Jamiyat | 11:55 / 01.11.2018
14158
2 daqiqa o‘qiladi

Odam savdosida gumonlanuvchi shaxs qo‘lga olindi

Illyustrativ foto

27 oktabr kuni «Mayskiy» blokpostida olib borilgan tezkor tadbirlar davomida chegarani kesib o‘tmoqchi bo‘lgan odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etganlikda gumonlanuvchi 28 yoshli Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi J.U. qo‘lga olindi. Bu haqda poytaxt IIBB xabar bermoqda.

Tezkor xabarlarga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs uch nafar O‘zbekiston fuqarolariga: 28 yoshli Lola (ismlar o‘zgartirilgan), 32 yoshli Lobar va 26 yoshli Dilbarga Qozog‘iston Respublikasi Olmaota shahridagi massaj salonida ishlashni taklif qilib, katta daromad va'da qilgan. Ammo haqiqatda esa gumonlanuvchi qizlarni chet davlatga noqonuniy jinsiy ekspluatatsiya uchun yuborish bilan shug‘ullanardi. 

Qo‘lga olingan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135 moddasi 2 qismi («Odam savdosi») bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 

Olib borilayotgan tergov ishlari davomida jinoyat jabrlanuvchilari va boshqa aloqador shaxslar aniqlanadi. Bundan tashqari, tergov davomida qizlarni ushbu shubhali taklifga rozi bo‘lish sabablari ham o‘rganiladi va odam savdosining ehtimoliy jabrlanuvchilariga ijtimoiy-huquqiy yordam beriladi.

Mavzuga oid