Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Endi Olimpiada litsenziyasini emas, medallarni sanaydigan bo‘lishimiz kerak»
Milliy olimpiya qo‘mitasida 2018 yilgi yirik sport anjumanlari yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasining Jismoniy tarbiya va sport ishlari sho‘'basi rasmiylari, Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Sharifjon Mo‘minjonov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Jasur Matchanov, shuningdek, sport federatsiyalari vakillari va murabbiylar ishtirok etdi.
Youtube'da ko‘rish
Mover'da ko‘rish
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda qo‘mita departament mudiri Akrom Nizomiddinov Indoneziyada o‘tkazilgan XVIII Osiyo o‘yinlari va Argentina mezbonlik qilgan III o‘smirlar Olimpiadasida qator yutuqlar qo‘lga kiritilishi barobarida yetarlicha kamchiliklar ham ko‘zga tashlanganini ta'kidlab, har bir sport turidagi natijalarga navbatma-navbat to‘xtalib o‘tdi, yo‘l qo‘yilgan xatolar bo‘yicha tegishli federatsiyalardan izoh so‘radi.
Xususan, erkin va yunon-rum kurashi federatsiyasi mutasaddilari Osiyo o‘yinlari oldidan kuchli jamoalar ishtirokidagi xalqaro turnirlarga borilmagani, sportchilarni vitaminlar bilan ta'minlash to‘liq bo‘lmagani, natijada kurashchilarning allergiyaga moyilligi ortgani natijalarga ta'sir ko‘rsatganini bildirdi. Javob tariqasida MOQ rahbariyati terma jamoa so‘ralgan barcha musobaqalarga yuborilgani, federatsiyalar faqat doimiy natija ko‘rsatib kelayotgan asosiy sportchilarga e'tibor qaratish bilangina cheklanib qolmasligi kerakligini aytdi.

Akademik eshkak eshishdagi muvaffaqiyatli deb bo‘lmaydigan ko‘rsatkichlar uchun mas'ul federatsiya vakillari Osiyo o‘yinlarining boshqa ishtirokchilari bilan sharoitlar teng bo‘lmagani, aniqrog‘i, eshkak eshuvchilar yetarlicha sifatdagi qayiqlardan foydalana olmaganini sabab o‘laroq keltirib o‘tdi. Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi bu gaplar «o‘ylab topilgan afsona» ekanini, qayiqlarning yaxshi-yomoni bo‘lmasligi, ular belgilangan xalqaro standartlarga mos bo‘lishini ta'kidladi.
Shu asnoda, yig‘ilishda olimpiya tasnifidagi boshqa sport turlaridagi natijalar ham muhokama etildi. Unda bir nechta sport federatsiyalari tomonidan inventarlar yetishmasligi, borlari ham eskirgani borasidagi muammolar tilga olindi. Milliy olimpiya qo‘mitasi vakillari bu masalalar hozir faqat bahona sifatida ko‘tarilayotgani, bunga qadar esa ayni yo‘nalishdagi muammolar haqida sukut saqlanganini iddao qildi.
Muhokamalarda Osiyoning bir nechta davlatlari muayyan sport turlarida o‘sishga erishgani, terma jamoada yoshartirish jarayoni borayotgani, malakali psixologlarning yetishmasligi, suzish havzalari muammosi bois mashg‘ulotlarni doimiy ravishda olib borish imkoniyati cheklanganligi kabi masalalar federatsiyalar rasmiylari tomonidan qoniqarsiz natijalar uchun sabablar sifatida yangradi.
O‘z navbatida, Milliy olimpiya qo‘mitasi atletlar orasida «yulduzlik kasali»ga chalinganlari borligi, ayrim sportchilarda vatanparvarlik hissining mutlaqo sezilmasligi, federatsiyalar bir sport turining faqat bitta – natija keltirayotgan yo‘nalishiga asosiy e'tiborni qaratish bilan cheklanayotgani, seleksiya ishlari yaxshi tashkil etilmagani, sportchilar kun tartibi va ovqatlanish rejimiga qanchalik amal qilayotgani nazoratga olinmagani, ya'ni professional yondashuvning yo‘qligi, ichki birinchiliklarda tanish-bilishchilik va shaxsiy adovat ildiz otgani kabi omillarni tilga olgan holda sport uyushmalari vakillarini tanqid ostiga oldi.

O‘rtaga tashlangan muammolarga yechim sifatida qo‘mita hududiy hokimiyat organlari bilan birga respublika bo‘ylab keng seleksiya ishlarini yo‘lga qo‘yayotgani, 2019 yildan boshlab har bitta federatsiyaga psixolog biriktirilishi, o‘q otish va suzish bo‘yicha terma jamoalarga xorijdan murabbiy olib kelinishi, Tokio Olimpiadasiga tayyorgarlik doirasida reytingi baland va medal qo‘lga kiritish imkoniyat yuqori bo‘lgan sportchilar bilan alohida shug‘ullanish tizimi joriy etilishi ma'lum qilindi.
«2020 yilgi Olimpiya o‘yinlari uchun lisenzion turnirlarning dastlabkisidayoq yo‘llanma olishga harakat qilishimiz, shundan so‘ng tayyorgarlikka zo‘r berishimiz kerak. Endi qolgan oylarni hisoblash kerak, yilni emas. Bu vaqt ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketadi.
Hukumatning hozirgi talabi shunday: biz litsenziya sanashni allaqachon esdan chiqarishimiz, endi medallarni sanaydigan bo‘lishimiz kerak. «Asosiysi ishtirok, g‘alaba emas», degan gaplar – eskilik sarqiti. Yo‘q, hozir muhimi – ishtirok va g‘alaba. Lisenziya oldim-ku, degan gapni ham yig‘ishtirishimiz kerak», - deya aytib o‘tdi Jasur Matchanov.
«Toshkent ham bir kunda qurilmagan. Hozir har bir sport turi bo‘yicha alohida strategiya ishlab chiqib, kamchiligini ko‘rib, inventar kerak bo‘lsa, inventarini [muhayyo] qilyapmiz; bazasi bo‘lmasa, baza bilan ta'minlayapmiz. Lekin bunga ozgina vaqt kerak. Bo‘ldi, Xudo xohlasa, keyingi 2019 yildan birorta federatsiyada «unim kam, bunim kam» degan narsa bo‘lmaydi», - dedi MOQ bosh kotibi.
Ma'lumot uchun, Osiyo o‘yinlarida 30 ta sport turi bo‘yicha jami 231 nafar sportchi O‘zbekiston sharafini himoya qildi. Ularning 94 nafari (40,6 foizi) medal olishga erishgan bo‘lsa, 30 ta sport turidan 12 tasida mamlakatdan birorta ham vakil shohsupaga ko‘tarilmadi. Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekiston medallar sifati va soni bo‘yicha avvalgi musobaqalardagi natijalarini yaxshilagan holda umumjamoa hisobida 5-o‘rinni egalladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2020 yil Yaponiya poytaxti Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadada sovrinlar qo‘lga kiritishi ehtimoli yuqori bo‘lgan sportchilarga e'tibor butkul farq qilishi, ularga boshqalarga qaraganda 10 barobargacha ko‘proq (15-20 million so‘m miqdorida) stipendiya berilishi ma'lum qilingandi.
Mavzuga oid
22:55 / 26.03.2026
Transgender sportchilarga Olimpiada ayollar musobaqalarida ishtirok etish taqiqlandi
23:00 / 22.02.2026
Xokkey bo‘yicha AQSh terma jamoasi 1980 yildan buyon ilk bor Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritdi
22:00 / 22.02.2026
Norvegiya qishki Olimpiada o‘yinlarida medal olish bo‘yicha rekord natijaga erishdi
21:31 / 20.02.2026