Jahon | 20:10 / 05.11.2018
7091
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya kontrrazvedkasi rahbari IIVga o‘tish o‘rniga muddatidan oldin nafaqaga chiqarildi

Sentyabr oyida mojaro markazida bo‘lgan Germaniya kontrrazvedkasi boshlig‘i Xans-Georg Masen ichki ishlar vazirligiga o‘tkazilmaydi, u muddatidan oldin nafaqaga chiqariladi. Bu haqda IIV rahbari Xorst Zeyexofer ma'lum qildi.

"Men undan muddatidan oldin nafaqaga chiqishini so‘radim", - dedi vazir.

Dastlab Masen IIV stats-kotibi lavozimiga o‘tkazilishi rejalashtirilgandi, ammo jamoatchilik va muxolifat bu qarorni tanqid ostiga oldi.  
Kontrrazvedka boshqarmasini hozircha uning o‘rinbosari Tomas Xaldenvang boshqarib turadigan bo‘ldi.

Yozda Masen o‘ta o‘ng "Germaniya uchun alternativa" partiyasi rahbarlari bilan uchrashgani va ularga qonun bilan bog‘liq noxushliklarni qanday chetlab o‘tish borasida tavsiyalar bergani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.  

So‘ngra avgust oxirida Xemnits shahrida migrantlar mahalliy fuqarolardan birini o‘ldirib qo‘yishdi va shaharda ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz berdi, ammo jamoatchilikni radikallarning yevropalik bo‘lmaganlarga hujumlar uyushtirgani aks etgan videoyozuvlar ko‘proq tashvishga soldi.

Masen bir necha kundan so‘ng bu videoyozuvlar haqiqiy ekanligi haqida ma'lumot yo‘qligini bildirdi. U bu bilan rahbariyatni noqulay vaziyatga qo‘ydi, buning ustiga, o‘ng mafkura tarafdorlariga nisbatan xayrixoh ekanligi haqidagi gap-so‘zlar avj olishiga sababchi bo‘ldi.

Mavzuga oid