Sport | 17:10 / 07.11.2018
14483
3 daqiqa o‘qiladi

Mbappening nega «Real»ga emas, balki «PSJ»ga o‘tishi tafsilotlari oshkor qilindi

Foto: AFP

Fransiyaning L’Equipe nashri Football Leaks hisoboti asosida hujumchi Kilian Mbappening 2017 yil yozida «Monako»dan «Pari Sen-Jyermen» klubiga o‘tishi bilan bog‘liq ma'lumotlarni chop qildi.

2016/17 mavsumi tugagach, yosh futbolchi «Monako» klubidan maoshini 16 barobar oshirib, 8 million yevroga yetkazilishini talab qilgan va bu borada Radamel Falkao bilan tenglashib olishni istagan. 

Klub rad javobini bergan va 20 iyul kuni futbolchining transferi bo‘yicha «Real» bilan kelishib olgan. Uning shartlariga asosan, madridliklar «Monako»ga 180 million yevro to‘lashi, shundan 30 million yevro bonuslar ko‘rinishida bo‘lishi kerak edi. Biroq, keyinchalik bu qiymat 214 million yevroga yetgan, chunki «Real» futbolchining transferi bilan bog‘liq soliqlarni to‘lashni ham o‘z zimmasiga olgan.

Oxir-oqibatda Mbappe «Real»ga o‘tishni istamay, «PSJ» klubini tanlagan. Chunki, aynan parijliklar Kilianning qo‘ygan shartlarini bajarishga rozi bo‘lishgan. Birinchidan, Mbappe shartnoma imzolash uchun 5 million yevro bonus so‘ragan. Ikkinchidan, yiliga 10 million yevro maosh talab qilgan. Biroq, tomonlar 7 million yevroga kelishib olishgan va bu qiymatni yildan-yilga oshirib, 12 million yevroga yetkazishni belgilab qo‘yishgan. 

Qayd qilinishicha, Mbappe shartlarining ba'zilari qisman bajarilgan. Masalan, u «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritsa, «PSJ» klubining eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisi bo‘lishni istagan. Klub esa faqat 500 ming yevro mukofot berishga rozi bo‘lgan. Bundan tashqari, Mbappe yiliga 50 soat davomida shaxsiy samolyotdan bepul foydalanish huquqini talab qilgan, ammo, buning o‘rniga haydovchi va qo‘riqchi xizmatini to‘lash uchun 30 ming yevro olgan.

Football Leaks xabariga ko‘ra, «PSJ» Mbappeni dastlab ijaraga olishidan maqsad – moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzmaslikka urinish bo‘lmagan. Chunki klub 222 million yevroga «Barselona»dan Neymarni olgan edi. Bu harakati bilan parijliklar 30 million yevro iqtisod qilib qolishgan.

Mavzuga oid