Jahon | 21:09 / 09.11.2018
9958
2 daqiqa o‘qiladi

Filippinda diktator Markosning 89 yoshli bevasiga qamoq jazosi tayinlandi

Foto: Archivbild/Bullit Marquez/AP/dpa

Filippin aksilkorruptsion sudi mamlakatning sobiq prezidenti, 1986 yilda xalq g‘alayoni natijasida ag‘darilgan Ferdinand Markosning 89 yoshli bevasi Imelda Markosni korrupsiya ayblovi bilan uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum qildi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.     

Filippinning korrupsiya ishlari bo‘yicha apellyatsiya sudi sobiq diktatorning bevasi 1975-1986 yillarda Manila viloyati gubernatori bo‘lganda mablag‘larni xorijga noqonuniy o‘tkazishda aybdor deb topgan. Ayol Shveytsariyada ro‘yxatdan o‘tkazilgan jamg‘armalar hisob raqamiga umumiy summasi 200 mln dollarni tashkil qilgan 7 ta bank o‘tkazmasini amalga oshirganlikda ayblandi. Sud hukmiga ko‘ra, Imelda Markos unga qo‘yilgan 7 ta ayblov bandining har biri bo‘yicha 6 yildan 11 yilgacha qamoqda o‘tkazishi kerak bo‘ladi.

Sud, shuningdek, mamlakat parlamenti deputati bo‘lgan Imelda Markosni hibsga olish qarorini chiqargan. Biroq prokuror bu qarorni darhol bajarib bo‘lmasligini, advokatlar sud hukmi yuzasidan oliy sudga murojaat qilishlari yoki garov evaziga ozodlikka chiqarishni so‘rashlari mumkinligini aytgan. Imelda Markos va uning advokatlari hukm chiqarilishi vaqtida bo‘lishmagan va u bo‘yicha hech qanday izoh berishmagan.

Ferdinand Markos 1965 yildan boshlab Filippin prezidenti bo‘lgan, u 1972 yilda shaxsiy hokimiyat rejimini o‘rnatgan. Diktator 1986 yilda xalq g‘alayoni natijasida ag‘darilgan. Shundan keyin u AQShga qochgan va 3 yildan keyin Gavayi orollarida vafot etgan.

Imelda Markos esa 1993 yilda Filippinga qaytish imkonini olgan. U turmush o‘rtog‘ining xokini ham vataniga qaytargan. Uning xoki Maniladagi Qahramonlar qabristonida joriy yildagina ko‘mildi.  

Mavzuga oid