O‘zbekiston | 11:55 / 13.11.2018
13191
2 daqiqa o‘qiladi

Buxgalteriya hisobining milliy standartiga o‘zgartirishlar kiritildi 

Moliya vazirining buyrug‘i bilan 5-son Buxgalteriya hisobining milliy standarti “Asosiy vositalar”ga o‘zgartirishlar kiritildi, deb yozmoqda Norma
 
Eslatib o‘tamiz, asosiy vositalar (AV) – bu korxona tomonidan uzoq muddat davomida xo‘jalik faoliyatini yuritishda mahsulot ishlab chiqarish, ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish jarayonida yoxud ma'muriy va ijtimoiy-madaniy vazifalarni amalga oshirish maqsadida foydalaniladigan moddiy aktivlar. Qoidaga ko‘ra, AVning qiymati EKIH miqdorining 50 baravari va undan ortiq, xizmat muddati esa - 1 yildan ortiq bo‘lishi kerak.
 
Ilgari xorijiy valyutada xarid qilingan AVning boshlang‘ich qiymati bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish sanasidagi (5-son BHMSning 11-bandi bo‘yicha xarajatlar ham shu yerga kiritiladi) Markaziy bank kursi bo‘yicha qayta hisoblash yo‘li bilan so‘mda belgilanar edi. Endi bu sana o‘zgardi. 2018 yil 9 noyabrdan boshlab qayta hisoblash uchun AVni buxgalteriya hisobiga qabul qilish sanasidagi MB kursini olish talab etiladi, ya'ni korxonada AVga mulk, xo‘jalik yuritish yoki tezkor boshqaruv huquqi vujudga kelgan paytdan boshlab. Valyuta qiymati esa boshlang‘ich hisob hujjatlari: tovarning kuzatuv hujjatlari yoki bojxona yuk deklaratsiyasidan olinadi.
 
Bundan tashqari, aniqlashtirilishicha, AV qiymatini so‘mga qayta hisoblash faqat AV uchun hisob-kitob chet el valyutasida amalga oshirilgan taqdirda qo‘llaniladi (odatda import qilganda shunday yo‘l tutish mumkin).  Gap shundaki, 2017 yil 5 sentabrdan boshlab O‘zbekistonda tovar, ish va xizmatlar uchun narx va tariflar, shuningdek, jamiyatlarning ustav kapitaliga qo‘yiladigan minimal talablar faqat milliy valyutada belgilanishi kerak.
 
Hujjat 9.11.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid