Sport | 14:13 / 14.11.2018
4840
2 daqiqa o‘qiladi

Kalgari aholisi shaharda Olimpiada o‘tkazilishiga qarshi ovoz berdi

Foto: REUTERS

Kanadaning Kalgari shahri aholisi referendumda o‘z shaharlarida 2026 yilgi Olimpiya o‘yinlari o‘tkazilishiga qarshi chiqishdi.

Ovoz berish 13 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi, 14 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 08:00da tugadi.

«Si-bi-es» telekanaliga ma'lum bo‘lgan xabarlarga ko‘ra, Kalgari aholisining referendumda ishtirok etgan 304,7 mingidan 56,4 foizi qarshi ovoz bergan.

Avvalroq, Kalgari meriyasi, Alberta provinsiyasi rahbariyati va federal hukumat vakillari Kanada arizasi g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, Ottava 2026 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlarini moliyalashtirishi bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Biroq, avvaliga O‘yinlarni qabul qilish huquqi bo‘yicha kurash haqidagi qarorni shahar aholisi referendumda qabul qilishi lozim edi.

9 oktabr kuni Xalqaro olimpiya qo‘mitasining (XOQ) Buenos-Ayresdagi yig‘ilishida 2026 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazish uchun uchta ariza tasdiqlandi: Kalgari, Italiyaning Milan va Kortina-d'Ampetstsosi, shuningdek, Stokgolm. Turkiyaning Erzurumi arizasi rad etildi.

2026 yilgi Olimpiya o‘yinlari poytaxtini tanlash 2019 yilda Xalqaro olimpiya qo‘mitasining Lozannadagi 132-sessiyasida bo‘lib o‘tadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid