Jamiyat | 18:56 / 15.11.2018
75243
3 daqiqa o‘qiladi

Shunday xo‘rozlar bor: «biz qichqirmasak, tong otmaydi» deb o‘ylaydi

Olloh xohlamasa, ming qichqiring, tong otmaydi. Hayotning boshlanishi Ollohning izmida bo‘lganidek, tugashi ham unga bog‘liqdir. Olloh bandasiga yomonlikni istamaydi. Hatto shaytonga ham bor hunarini ko‘rsatishi uchun imkon beradi, va'dasiga vafo qiladi, toki shaytonning turgan-bitgani kibrdan iborat gaplari gapligicha qolib ketmasin.

Tas-IX’da ko‘rish

YouTube’da ko‘rish

Audio versiyasini tinglash

Qonimizga singib ketgan «falon ish men sababli amalga oshdi», «men bo‘lmasam, mana bu ish bo‘lmas edi», «bu ishning natijasi menga bog‘liq» kabi o‘z-o‘ziga baho berishlar, aslida, bizning shaytondan olgan darslarimiz natijasidir. Bizlar do‘st qolib, dushmanga shogird tushdik. «Ustoz»ning maqomini shunchalar ulug‘ladikki, natijada «ustoz» bizlarga bor hunarini o‘rgatdi. Hatto «ustozdan o‘tgan shogird» maqomiga yetganlar ham bo‘ldi. Holbuki, shaytonning «xayrixoh»ligi biz chohga qulagan ondayoq tugaydi va u bizni mag‘lub qilib, o‘zi g‘olib holda ortga qaytadi. Shunda sho‘rlik inson beixtiyor: «Xudoyim... » deb Yaratganni eslab qoladi, hoziru nozir Zot – Olloh o‘sha zahoti bandasiga yordamga keladi.

Holbuki, biz bir umr Ollohga itoatsizlik qilib keldik, hayotni, rizqni, obro‘ni, barcha ne'matlarni Ollohdan qabul qilib, so‘ngra Unga orqa o‘girdik. Lekin buyuk Zot bizni tashlab qo‘ymaydi, har qanday holatda duo qilgan bandasini eshitadi. «Endi hammasi tamom» deb tushkunlikka tushgan paytingizda hali imkon borligini eslatish uchun Olloh qarshingizda hozir bo‘ladi. Agar Olloh istamasa, na tong otishini, agar Olloh xohlamasa, na tun botishini aytish uchun keladi. Qancha chiranmang, agar Olloh xohlamasa, tong otmaydi..

Zahiriddin Mansur

Mavzuga oid