O‘zbekiston | 13:56 / 20.11.2018
14458
3 daqiqa o‘qiladi

Kudbiyev: Xorijga ishga joylash monopoliya bo‘lgani korrupsiyaga yo‘l ochgan

2018 yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida 555 mingdan ortiq kishi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining hududlardagi bo‘limlariga ish so‘rab murojaat qilgan. Shundan 218,8 ming kishi ishga joylashtirilgan. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda vazir Sherzod Kudbiyev shu haqda ma'lum qildi. KUN.UZ muxbiriga ko‘ra, vazirning fikricha, endilikda, xususiy bandlik agentliklari fuqarolarni ishga joylashtirish bilan qanchalik ko‘p shug‘ullansa, vazirlik faoliyati ham shunchalik samarali bo‘ladi.   

«Endi fuqarolarni ishga joylashtirish vazifasi xususiy tadbirkorlik sub'yektlariga qanchalik ko‘p ishonib topshirilsa, mehnat idoralari shunchalik samaraliroq ishlaydi. Shuning uchun ham biz, vazirlik sifatida, xususiy bandlik agentliklari

-  ishga joylashtirish huquqiga ega bo‘lishi;
-  ishga joylaganlik uchun daromad qilish imkoniga ega bo‘lishi
-  hamda bu kabi xizmat ko‘rsatishga cheklov qo‘yilmasligi kerak emas, deb hisoblaymiz.
Xorijiy mamlakatlarga ishga joylashtirish ham shu jumladan», - dedi Sherzod Kudbiyev.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining e'tirof etishicha, davlat shu vaqtgacha, hech qachon fuqarolarni chet elda ishga joylash huquqini xususiy qo‘llarga bermagan, buni xohlamagan ham. 

«Shu o‘rinda, ta'kidlash joizki, xorijga ishga joylash masalasida monopoliya bo‘lar ekan, xohlaysanmi-yo‘qmi, tizim katta bo‘lsa, bu korrupsiyaga sharoit yaratadi. Birgina misol keltiraman. Yaqinda prezident Qoraqalpog‘istonga safar qildi. Bundan avval biz tahlil o‘tkazdik. Hammamiz bilamizki, hamshira bo‘lib ishga kirish juda ham mashaqqat. Lekin mehnat bo‘limlari 600dan ortiq bo‘sh ish o‘rni borligini aniqladi», - deya qayd etdi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda vazirlik va xususiy bandlik agentliklari oldida turgan muhim vazifalardan biri shuki, jipslashgan holda aynan shu kabi bo‘sh ish o‘rinlari shaffof bo‘lishini hamda ularga xususiy bandlik agentliklari ham ishga joylash huquqiga ega bo‘lishlariga erishishdir. 

«Biz buning uchun xususiy bandlik agentliklariga davlat ixtiyoridagi bo‘sh ish o‘rinlariga bog‘liq ma'lumotlar bazasidan foydalanish imkonini ham berishni rejalashtirayapmiz va bunga tayyormiz», - dedi vazir. 

Mavzuga oid