O‘zbekiston | 19:17 / 21.11.2018
74124
3 daqiqa o‘qiladi

Jabrlanuvchi ayol San'at Umarovga tayinlangan jazodan qoniqmaganini aytdi

Bugun, 21 noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudida sudya O‘tkir Mamadaliyev raisligida Kattaqo‘rg‘on shahar Ichki ishlar bo‘limi sobiq katta tezkor vakili lavozimida ishlagan sudlanuvchi San'at Umarovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e'lon qilindi.

San'at Umarov sudda o‘z so‘nggi so‘zini aytgach, sud maslahatga ketgan chog‘da jabrlanuvchi N.T.ni suhbatga tortdik.

Ayni paytda unga nisbatan Oqdaryo tumanida sodir etilgan o‘g‘irlik holati bo‘yicha tergov ishlari yakunlangan. Ayblov xulosasi berilgan va yaqinda bu holat yuzasidan sud bo‘lib o‘tadi.

O‘zining og‘zidan hikoya qilishicha, Oqdaryo tumaniga 10 yoshli qizi bilan tomorqasida yetishtirilgan pomidorni sotgani borganida, kimdir uning qizining sumkasiga ikkita uyali telefonni solib qo‘ygan.

N.T. ayni paytda o‘ziga qo‘yilgan ayblarni kimlardir tomonidan uyushtirilgan, deb baholamoqda. Garchi o‘zi dastlabki tergovda telefonlarni chindan ham o‘g‘irlaganini yozib berganini tan olgan bo‘lsa-da.

Bugun bo‘lib o‘tgan sud majlisida jabrlanuvchi sifatida qatnashgan N.T. San'at Umarovga qat'iy jazo berilishiga ishonqiramayotganini aytdi. «Baribir qutulib chiqib ketsa kerak», dedi u.

Sudya O‘.Mamadaliyev hukmni o‘qib eshittirgach, chunonchi, San'at Umarovga 6 yilu 6 oy qamoq jazosi tayinlandi, yana 3 yil mansabdorlik lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi.

«Berilgan jazodan qoniqdingizmi?» deb savol berdik N.T.ga sud majlisi o‘z nihoyasiga yetgach.

«Men kutgandan yengilroq jazo tayinlandi», deb javob berdi bu savolga u.

Bu boradagi keyingi xatti-harakatlarini u o‘zining advokati bilan maslahatlashadi.

O‘z muxbirimiz

Mavzuga oid