Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda professional mediatorlar reyestri shakllantiriladi
Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida Adliya vazirligining “Professional mediatorlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjati loyihasi joylashtirildi.
Professional mediatorlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, reyestr Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan tizimli tarzda yuritiladi, ushbu Reyestr ularning rasmiy veb-saytlarida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
Shaxs maxsus o‘quv kursidan o‘tgan kundan boshlab bir oy ichida Reyestrga kiritish to‘g‘risida ariza bilan yashash joyidagi adliya boshqarmasiga murojaat qilishi lozim.
Arizalar yozma yoki elektron tarzda berilishi mumkin.
Reyestrga kiritish to‘g‘risidagi arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shakldagi jadval (ma'lumotlar to‘liq ko‘rsatilgan holda);
ariza beruvchining pasport nusxasi;
maxsus o‘quv kursini tugatganligi to‘g‘risidagi hujjat nusxasi;
ta'lim muassasasini tugatganligi to‘g‘risidagi hujjat nusxasi (ixtiyoriy).
Taqdim etilgan hujjatlar kelib tushgan kunidan boshlab hududiy adliya boshqarmasi tomonidan 2 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Hujjatlarda kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda, hududiy adliya boshqarmasining mas'ul xodimi ariza bergan shaxs to‘g‘risidagi ma'lumotlarni shu kunning o‘zida Reyestrga kiritilishini ta'minlaydi.
Hujjatlarda kamchiliklar mavjudligi aniqlanganda, hududiy adliya boshqarmasining mas'ul xodimi tomonidan ariza bilan murojaat qilgan shaxs to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Reyestrga kiritish rad etiladi.
Taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha shu kunning o‘zida hududiy adliya boshqarmasining mas'ul xodimi ariza bilan murojaat qilgan shaxsga xabarnoma yuboradi.
Xabarnomada shaxsning Reyestrga kiritilganligi yoki Reyestrga kiritish rad etilganligi ko‘rsatilishi zarur. Shaxs Reyestrga kiritilganda uning Reyestrdagi tartib raqami yoki Reyestrga kiritish rad etilganda unga asoslangan kamchiliklar ko‘rsatilishi shart.
Xabarnoma yozma yoki elektron tarzda yuborilishi mumkin.
Reyestrga kiritilgan shaxs professional asosdagi mediator faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Reyestrda professional mediatorlar to‘g‘risidagi quyidagi ma'lumotlar ko‘rsatiladi:
professional mediatorga berilgan tartib raqam;
professional mediatorning familiyasi va ismi;
professional mediatorning joylashgan yeri va aloqa bog‘lashga doir ma'lumotlari (telefon raqami, elektron manzili);
professional mediator ixtisoslashgan mediatsiya sohasi;
professional mediator mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishga qodir bo‘lgan til haqidagi ma'lumotlar;
maxsus o‘quv kursini tugatganligi to‘g‘risidagi hujjat rekvizitlari;
professional mediatorning ish faoliyati to‘g‘risidagi ma'lumotlar (ish faoliyatidagi yutuqlari, faoliyati to‘xtatilganligi, amalda ekanligi).
Mavzuga oid
08:39 / 04.06.2026
Insofsiz sug‘urta agentlarining ochiq reyestri yuritiladi
08:36 / 18.02.2026
O‘zbekistonda tan olinadigan akkreditatsiya tashkilotlari reyestri yuritiladi
11:54 / 16.02.2026
Oziq-ovqat xavfsizligi nazorati yangilanadi: operatorlar reyestri yuritiladi
15:43 / 24.12.2025