Sport | 11:50 / 23.11.2018
7776
3 daqiqa o‘qiladi

Blatter FIFAni Infantinoga qarshi tekshiruv boshlashga chaqirdi

Foto: Getty Images

FIFAning sobiq prezidenti Zepp Blatter Xulq-atvor qo‘mitasi tashkilotning amaldagi rahbari Janni Infantinoga nisbatan tekshiruv o‘tkazishi kerak, degan fikrda.

Blatterning hisoblashicha, Football Leaks tomonidan tarqatilgan, Infantinoning «Manchester Siti» va «PSJ» bilan bog‘liq fitnasi taftish boshlash uchun yetarlicha asos bo‘lib xizmat qiladi.

«FIFAning Xulq-atvor qo‘mitasi nimadir chora ko‘rishi, Infantinoga qarshi tekshiruv boshlashi kerak. U jar solayotgan shaffoflik qani? Aybsizligini ko‘rsatish uchun uning o‘zi qo‘mitaga murojaat bilan chiqishi kerak», - deb aytgan Blatterning so‘zlarini keltirib o‘tdi AS.

Eslatib o‘tamiz, Football Leaks o‘z surishtiruviga asosan Infantino arab shayxlari tomonidan moliyalashtiriladigan ikki klub – «PSJ» va «Manchester Siti»ga moliyaviy feyr-pley qoidalarini aylanib o‘tishga yordam berganini ma'lum qilgan edi. O‘z navbatida shveysariyalik amaldor bu ayblovlarni rad etgan.

«Men «PSJ», «Manchester Siti» va boshqa klublarning vakillari bilan uchrashdim, bitimlar va kelishuvlarning amalga oshishini nazorat qildim. Ammo yakuniy qarorni men emas, har doim hakamlik qo‘mitalari chiqaradi.

Menda vaziyatni o‘zgartirish uchun vakolat bo‘lmagan. Bundan tashqari, «Siti» va «PSJ» 20 million yevro jarimaga tortildi», - deb aytib o‘tgan edi Infantino.

Ma'lumot uchun, surishtiruv har ikkala klubning 2011-2013 yillardagi byudjyetida jiddiy defitsit bo‘lganini da'vo qilgandi. Bu moliyaviy feyr-pley qoidalariga zid bo‘lgani uchun ularga Chempionlar ligasidan chetlatish jazosi xavf solgan. «PSJ»ning qatarlik va «Siti»ning amirlik xo‘jayinlari bu jazodan qutulib qolish uchun faol ishlaganlar. Infantino esa, Football Leaks`ga ko‘ra, bu mojaroda klublar tarafini olgan va ular bilan xufyona uchrashib, o‘zining noqonuniy yordamini taklif qilgan.

Mavzuga oid