Sport | 20:06 / 25.11.2018
6354
2 daqiqa o‘qiladi

Xorvatiya terma jamoasi ikkinchi marotaba Devis Kubogida g‘olib chiqdi

Tennis bo‘yicha erkaklar terma jamoalari o‘rtasidagi eng nufuzli turnir – Devis Kubogida 2018 yilgi mavsum yakuniga yetdi.

Final bahslari 23-25 noyabr kunlari Xorvatiya hamda Fransiya terma jamoalari o‘rtasida kechdi. Unda 3:1 hisobida xorvatlarning qo‘li baland keldi. Bugun Lill shahrida bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi bahsda xorvatiyalik Marin Chilich mezbonlar vakili Lyuka Puini 7:6 (7:3), 6:3, 6:3 hisoblarida mag‘lub etdi.

Xorvatiya termasi yuz yildan oshiqroq tarixga ega musobaqada ikkinchi marotaba bosh sovrin sohibiga aylandi. Bunga qadar ushbu mamlakat tennischilari 2005 yilda g‘olib chiqishgan, 2016 yilgi finalda Argentinaga yutqazishgan (2-3) edi.

Fransiya terma jamoasi esa Devis Kubogida jami 10 marotaba g‘olib chiqqan bo‘lib, bu borada AQSh (32) va Avstraliyadan (28) keyingi o‘rinda, Buyuk Britaniya (10) bilan bir pog‘onada turadi. Frantsuzlar 8 marotaba finalda imkoniyatni boy berishgan. Ushbu jamoa o‘tgan yilgi musobaqada g‘olib chiqqan edi.

Qayd etish joiz, 2018 yilgi turnir ushbu formatdagi so‘nggi musobaqa bo‘lib qoladi. Keyingi yildan boshlab kubok tashkiliy jihatdan katta o‘zgarishlarga yuz tutadi.

Mavzuga oid