O‘zbekiston | 10:52 / 27.11.2018
3089
2 daqiqa o‘qiladi

Ilhom Ne'matov YeXHT inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori bilan uchrashdi

Foto: TIV axborot xizmati

2018 yilning 26 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov amaliy tashrif bilan mamlakatda bo‘lib turgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) direktori Ingibyorg Solrun Gisladottir bilan uchrashdi.

TIV xabariga ko‘ra, suhbat chog‘ida turli yo‘nalishlardagi O‘zbekiston va DIIHB hamkorligi holati va rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Ingibyorg Solrun Gisladottir Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumiga taklif qilingani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi va forum ishida ishtirokidan olgan taassurotlari to‘g‘risida so‘zlab berdi.

Uning so‘zlariga qaraganda, mazkur forum O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha hukumatlararo va nodavlat tashkilotlari bilan kengayayotgan hamkorligining yorqin dalili hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga jahon hamjamiyatining tobora ortib borayotgan qiziqishining tasdig‘i bo‘ldi.

DIIHB direktori 2017-2021 yillar uchun Harakatlar strategiyasi doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni yuqori baholadi. Uning qayd etishicha, «hujjat keng qamrovli bo‘lib, mamlakat hayotning barcha sohalarida tubdan o‘zgarishlarni nazarda tutadi, shuningdek, YeXHTning maqsadlariga to‘liq mos keladi».

Uchrashuvda umumiy kun tartibidagi boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Muzokaralarda YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Jon MakGregor ishtirok etdi.

Mavzuga oid