O‘zbekiston | 18:17 / 28.11.2018
3709
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda o‘zbek mahsulotlari ko‘rgazma maydoni ochiladi

O‘zmilliybank huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi vakillari Xitoyning Shanxay shahrida 5-10 noyabrda o‘tkazilgan xalqaro “China International Import Expo 2018” ko‘rgazmasida ishtirok etishdi.

Ko‘rgazmada Jamg‘arma tomonidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan eksportbop mahsulotlar, xususan qandolat mahsulotlari, quritilgan mevalar, tayyor tekstil mahsulotlari, shuningdek, alkogol mahsulotlari namoyish qilindi.

Ko‘rgazma doirasida tadbirkorlarga o‘z mahsulotlari va xizmatlarini tashqi bozorga olib chiqish, marketing tadqiqotlari o‘tkazish, tovar reklamasi va brendlashtirish yordamida xaridor topishga ko‘maklashish maqsadida Jamg‘arma va “Shansi” erkin savdo zonasi ma'muriyati o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

22,62 kv.km maydonni egallagan Xitoy erkin savdo zonasining funksional qismida erkin tijorat olib boriladigan xalqaro ichki port qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, uning faoliyati asosan xalqaro savdo-sotiq, zamonaviy logistika, moliyaviy xizmatlar, elektron tijorat, ko‘rgazma-yarmarkalar o‘tkazish, shuningdek, “Bir kamar, bir yo‘l” doirasida xalqaro tranzit port ishini yo‘lga qo‘yishga qaratiladi. 

Uchrashuvda o‘zbek mahsulotlarining Xitoy bozorlariga eksport qilinishi yuzasidan dolzarb masalalar muhokama qilindi. Bundan tashqari, tomonlar o‘tkaziladigan ko‘rgazma, yarmarkalar hamda Xitoy bozori bo‘yicha marketing tadqiqotlari bilan muntazam ravishda ma'lumot almashish haqida kelishib oldilar. Xitoy savdo zonasi ma'muriyati tomonidan Jamg‘armaga beg‘araz 500 kv metr ko‘rgazma maydonda “show room” uchun joy ajratildi. Hozirgi vaqtda “show room" qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.

Ta'kidlash joizki, Sian shahrini Markaziy Osiyo va Yevropa bilan bog‘laydigan «Chan'an» xalqaro yuk tashuvchi poyezdi orqali O‘zbekiston mahsulotlarini “Shansi” erkin savdo zonasiga tez va qulay  yetkazib berish mumkin. Bunda Direktsiya tomonidan 50% chegirma taqdim etilmoqda.

Shu munosabat bilan Jamg‘arma Xitoy bozorida o‘z mahsulotlarini sotish va qo‘shimcha reklama qilishni xohlagan barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni hamkorlik qilishga taklif etadi. 

Jamg‘arma Xitoyning Shansi provinsiyasida yana bitta vakolatxona ochishni rejalashtirgan. Ko‘rgazmaga har kuni 1000 dan ortiq xitoylik yirik ulgurji kompaniya vakillari tashrif buyuradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid