Jahon | 21:06 / 30.11.2018
10192
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi ilk bor Xitoyga xitoylik qochqinni topshirdi

Foto: Globallookpress

Yevropa Ittifoqi a'zosi hisoblanuvchi Bolgariya xitoylik sobiq amaldor Yao Tszintsini Xitoyga ekstraditsiya qildi. Qochoq Xitoyning intizomni tekshirish markaziy komissiyasi tomonidan pora olishda ayblanmoqda. Tszintsi Yevropa Ittifoqiga a'zo davlat tomonidan Xitoy hukumatiga topshirilgan ilk xitoylik bo‘ldi. 

Interpol xitoylikning hibsga olinishi haqida oktabrda “qizil ogohlantirish” bergan. 17 oktabrda Bolgariya politsiyasi uni qo‘lga olib, bir haftadan keyin uni Xitoyga yuborish qarorini qabul qilgan. 

Yao Tszintsi Chjetszyan viloyatining Sinchan okrugi rahbari o‘rinbosari bo‘lgan. U 2005 yilda Xitoydan qochib ketgan va mamlakatda eng qidiriluvchi korrupsiyachilardan biri bo‘lgan. U xizmat vakolatini suiiste'mol qilish va pora sifatida yirik miqdorda pullar va sovg‘alar olishda gumon qilingan.

Intizomni tekshirish markaziy komissiyasida ekstraditsiya bo‘yicha qaror Xitoy va xorijiy tuzilmalarning korrupsiyaga qarshi kurashdagi muvaffaqiyatli hamkorligi natijasi deb ataldi. Komissiyaning bayonotida qolgan korrupsiyachilar ham ko‘ngilli tarzda taslim bo‘lishga chaqirilgan.

“Qizil ogohlantirish” Interpol bilan hamkorlik qiluvchi barcha 194 ta davlat gumonlanuvchini hibsga olishga majburligini anglatadi.

Mavzuga oid