Jahon | 10:33 / 30.11.2018
9820
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko: «O‘zbekiston bilan hamkorlik uchun yopiq mavzular yo‘q»

 2018 yil 29 noyabr kuni O‘zbekiston elchisi Nosirjon Yusupov Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Belarus yetakchisining matbuot xizmati ma'lum qildi.

Uchrashuvda Belarus rahbari o‘z mamlakati ikki tomonlama hamkorlikning yo‘l xaritasini to‘liq amalga oshirishga sodiq ekanini tasdiqladi.

Lukashenkoning ta'kidlashicha, yaqinda yo‘l xaritasi - ikki mamlakat o‘rtasida kelajak uchun harakatlar rejasi tasdiqlandi Hujjatni O‘zbekiston va Belarus bosh vazirlari imzoladilar.

«Shavkat Miromonovichga yetkazib qo‘ying, men ushbu reja amalga oshirilishini qat'iy nazorat qilaman, uni to‘la amalga oshirishga sodiqmiz», - deya qayd etib o‘tdi Belarus yetakchisi.

Lukashenkoning bildirishicha, mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik yaxshi va jadal rivojlanib bormoqda. «Bularning barchasidagi eng muhim natija shuki, biz o‘tgan yillar davomida to‘planib qolgan, hamkorlikdagi kechikishlarni bartaraf qildik», - dedi u.

Shuningdek, uning ta'kidlashicha, ushbu davr mobaynida mamlakatlar avvalgi o‘n besh - yigirma yil ichida shakllangan, hamkorlikni rivojlantirishdagi qarzlarni yo‘q qilgan.

Aleksandr Lukashenkoning ma'lum qilishicha, O‘zbekiston prezidenti Belarusga o‘zi uchun qulay bo‘lgan vaqtda tashrif bilan kelishi mumkin.

Belarus prezidentining ta'kidlashicha, elchiga O‘zbekiston prezidentining Belarusga tashrifini tashkil etish uchun ko‘mak taqdim etiladi.

«Biz har doim siz uchun ishonchli hamkor bo‘lamiz, hamkorlik uchun yopiq mavzular yo‘q. Biz ko‘p narsalarni qila boshladik va hali ko‘p narsalarni qilamiz», - deya xulosa qildi Lukashenko.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Lukashenko Belarus iqtisodiyotidan xavotirda ekani aytilgandi.

Mavzuga oid