Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Angliyada derbilar, «Real» «Valensiya»ga qarshi. Yevropada tur o‘yinlari anonsi
Kechadan boshlangan Yevropa milliy chempionatlaridagi navbatdagi turlar bugundan qizg‘in pallaga kiradi. Qiziqarli o‘yinlar shu qadar ko‘pki, masalan, La Ligadagi bugungi yetakchi jamoalar - «Alaves»va «Sevilya» o‘rtasida kechadigan ahamiyatli o‘yin ham anonsimizga sig‘may qoldi. Demak, e'tiboringizda, undan ham zo‘r o‘yinlar haqida qisqacha.
Fransiya
LILL - LION (1 dekabr, 21:00)

Ushbu mavsumni «Lill» jamoasi ancha ko‘tarinki kayfiyatda boshladi va bir muddat turnir jadvalida 2-o‘rinda ham bordi. Fransiyada bu o‘rin «PSJ»dan boshqa jamoalar uchun chempionlik bilan barobar ekanini yaxshi bilasiz. Ammo so‘nggi o‘yinlarda Kristof Galte shogirdlari sur'atni biroz pasayishdi - Ligadagi so‘nggi uch o‘yindan ikkitasida mag‘lubiyat, shuningdek, «Strasbur»ga qarshi kubok o‘yini ham boy berildi.
«Lion» esa barcha musobaqalar doirasidagi so‘nggi 15 o‘yindan atigi bittasida mag‘lub bo‘lgan. U ham bo‘lsa, Parijdagi o‘yinda.
Shunday bo‘lsa-da, «Lill»ning «Lion»ga qarshi uy uchrashuvi ancha qiziqarli bo‘lishi tabiiy. Zero jamoalarni turnir jadvalida faqat 1 ochko ajratib turibdi, xolos. «Lion» 27 ochko bilan ikkinchi, «Lill» esa, 26 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Bundan tashqari, so‘nggi paytlardagi o‘zaro o‘yinlarda «Lill»ning ustunligi ham o‘yinning ahamiyatini oshiradi. «Lill» Liondagi oxirgi ikki o‘yinda g‘alaba qozongan. Lillda bo‘lib o‘tgan fevraldagi bahsda esa, 2:2 hisobi qayd etilgandi. O‘yin davomida 0:2 hisobida orqada borgan mezbonlar oqibatda vaziyatni tenglashtira olishgandi.
Mehmonlar hafta o‘rtasida «Manchester Siti»ga qarshi qiyin o‘yin o‘tkazgani ham «Lill»ga qo‘shimcha ustunlik berishi mumkin.
Liga 1
15-tur
30 noyabr, juma
«Sent-Etenn»—«Nant» 3:0
Gollar: 1:0 – 72 Berich, 2:0 – 84 Hazri, 3:0 – 90 Kolodzeychak.
1 dekabr, shanba
«Lill»—«Lion» 21:00
«Gengam»—«Nitstsa» 00:00
«Anjye»—«Kan» 00:00
«Monako»—«Monpele» 00:00
«Nim»—«Amen» 00:00
2 dekabr, yakshanba
«Tuluza»—«Dijon» 19:00
«Renn»—«Strasburg» 21:00
«Marsel»—«Reyms» 21:00
«Bordo»—PSJ 01:00
Turnir jadvalidagi holat

Italiya
FIOReNTINA - YuVeNTUS (1 dekabr, 22:00)

Ispaniyadagi «Villyareal», Germaniyadagi «Shalke» kabi jamoalar qatoriga bemalol Italiyadagi «Fiorentina»ni ham qo‘shish mumkin. Bu jamoalar juda yaxshi salohiyatga ega bo‘lib, alohida o‘yinlarda har qanday raqib bilan tengma-teng o‘ynay olishiga qaramasdan, barqarorlik yetishmasligi ularni nuqul jadvalning qo‘yi pog‘onalariga itqitib yuboradi. «Yuventus»ni to‘xtatib qolish vazifasi bu safar florentsiyaliklarga yuklatilganida, mana shu jihat, qaysidir ma'noda bu o‘yinga e'tibor qaratishga undaydi.
Jamoa tarkibida Milenkovich, Veretu, Benassi, Simeone kabi top-klublar qiziqayotgan, shuningdek, Keza, Miralyas, Jakkerini kabi tajribali ijrochilar mavjud, ammo jamoa atigi 10-o‘rinda bormoqda. «Fiorentina» A Seriyadagi so‘nggi besh o‘yinda durang o‘ynadi, bulardan to‘rttasi 1:1 hisobida tugadi. «Roma» bilan o‘yinni qo‘shmasak, qolgan to‘rt uchrashuvda «Fiorentina» raqibga nisbatan g‘alabaga yaqinroq ham edi. Agar nafaqat o‘yinda, ochkolarni qo‘lga kiritish borasida ham barqarorlik bo‘lganida, jamoa hozir bemalol kuchli to‘rtlikdan o‘rin olgan bo‘lardi.
«Yuventus», bu biz bilgan o‘sha «Yuventus», hatto bu yil yanada kuchliroq va bu safar boshqalarga yanada kamroq imkon berilishi sezilib turibdi. Endi Italiya jamoalari turinliklar bilan raqobat uchun emas, aynan top-jamoalarga qarshi o‘z saviyasini o‘lchab olish uchun maydonga tushishlari kerakdek. Bugun mana shunday o‘yinlardan biri bo‘lib o‘tadi, zero o‘tgan yili Florentsiyada bo‘lib o‘tgan bahsda mezbonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozonishgandi.
ROMA - INTeR (3 dekabrga o‘tar kechasi, 00:30)
Har ikki jamoa ham Chempionlar Ligasida o‘xshash pozitsiyada borishmoqda. Ispan grandlari bilan bir guruhga tushib qolgan bu jamoalar bu hafta o‘z o‘yinlarini boy berishganiga qaramay, keyingi bosqichga yaxshi imkoniyat mavjud, «Roma» rasman chiqdi ham.
Ammo rimliklarning A Seriyadagi o‘yini u qadar qovushmayapti. Ikki frontdagi o‘yinlar ta'siridanmi, jamoa hozir «Yuventus»dan deyarli ikki barobar kam ochko to‘plagan holda 7-o‘rinda bormoqda. Buning obektiv sabablari ham bor, albatta, masalan, jarohatlar.
Al-Sha'roviy, Pastore, Pellegrini, Perotti, Di Rossi kabi futbolchilar jamoaga yordam bera olmayapti. Bularning barchasi asosiy tarkib futbolchilari. Endi yetakchi hujumchi Edin Jyekoning jarohat olib uch haftaga safdan chiqqani ortiqcha bo‘ldi. «Inter»da bu borada muammo kamroq. Sobiq «romachi» Raja Nainggolandan tashqari, bu safar Sim Vrsalkoning milanliklarga yordam berishi so‘roq ostida turibdi.
«Inter» o‘tgan yili Rimda bo‘lib o‘tgan o‘yinda 3:1 hisobida g‘alaba qozongandi. Bu o‘yingacha qatorasiga 8 o‘yinda «Roma» o‘z maydonida milanliklarga yutqazmagandi.
Yana bir qiziq fakt, «Roma» o‘z maydonida urgan gollari soni (16) bo‘yicha A Seriyada eng yaxshi ko‘rsatkichga edi. «Inter» esa, raqib maydonida atigi 6ta gol o‘tkazib yuborgan - ligada ikkinchi natija. Bu 6 golning ham 4tasi oldingi safar o‘yinida «Atalanta» bilan uchrashuvga to‘g‘ri keladi.
A Seriya
14-tur
1 dekabr, shanba
SPAL—«Empoli» 19:00
«Sampdoriya»—«Yuventus» 22:00
«Sampdoriya»—«Bolonya» 00:30
2 dekabr, yakshanba
«Milan»—«Parma» 16:30
«Frozinone»—«Kalyari» 19:00
«Sassuolo»—«Udineze» 19:00
«Torino»—«Jyenoa» 19:00
«Kevo»—«Latsio» 22:00
«Roma»—«Inter» 00:30
3 dekabr, dushanba
«Atalanta»—«Napoli» 00:30
Turnir jadvalidagi holat

Ispaniya
ReAL - VALeNSIYa (2 dekabrga o‘tar kechasi, 00:30)

Lopetegining o‘rniga vaqtincha ishlagan Sanyago Solari shu qadar yaxshi taassurot qoldirdiki, Peres u bilan shartnoma tuzib, mavsum oxirigacha olib qoldi. Ammo muammo hali to‘liq yechilmagan ekan - jamoa Eybarda juda qattiq tarsaki yedi. To‘g‘ri, Rimdagi uchrashuvda «Real» g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, hozirda Ispaniya chempionati ahamiyatliroq va aynan shu yerda vaziyat o‘nglanishi kerak.
«Valensiya»ga qarshi uchrashuv «Real» va Solari uchun balki shu yildagi eng so‘nggi jiddiy sinov bo‘lishi mumkin. Zero, keyin «Ueska», «Rayo Valekano» kabi jamoalarga qarshi o‘yinlar bilan jamoadagi o‘sishni o‘lchab bo‘lmaydi. Undan keyin esa, madridliklar Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga jo‘nab ketadi.
«Valensiya» o‘tgan yilgi kabi barqaror emas, o‘tgan mavsumning shu holatiga nisbatan 12 ochko orqada bormoqda. Lekin aynan top o‘yinlarda «Valensiya» hali ham xavfli raqib ekanini isbotlay olyapti, deyish mumkin. «Old Trafford» va Turindagi o‘yinlar, shuningdek, «Barselona»ga qarshi uchrashuv ham bunga yorqin misol bo‘la oladi.
Bundan tashqari, «Bernabeu» «ko‘rshapalaklar» uchun ancha qulay stadion. O‘tgan yili bu yerda 2:2 hisobi qayd etilgan. Umuman, so‘nggi 6 o‘yinning 3tasida «Valensiya» aynan 2:2 hisobida durangga erisha olgan ekan.
Jarohatlarga kelsak, mezbonlar tarkibida Kazemiro, Valexo, Nacho kabi futbolchilar yo‘q. Shuningdek, Odriosola kichik jarohatdan so‘ng, mashg‘ulotlarga qaytgan bo‘lsa-da, bugun maydonga tushishi aniq emas. «Valensiya»da Denis Cherishevda jarohat bor.
BARSeLONA - VILLYaReAL (2 dekabr, 22:30)
«Barselona» anchadan beri «Villyareal»ni o‘z maydonida yutib keladi, hatto oxirgi uch o‘yinda yirik hisob qayd etilgan. Ammo bu masumdagi «Barselona» odatdagiday ko‘rinmayapti, ba'zida o‘z maydonida ishonchsiz harakat qilmoqda. Valverde shogirdlari «Kamp Nou»dagi ilk ikki o‘yinda yirik hisoblarda g‘alabaga erishishdi. Ammo keyingi 5 o‘yindan uchtasida g‘alaba qozona olishmadi. «Real» va «Sevilya» kabi klublarga qarshi o‘yinlarda uch ochko olingan bo‘lsa, o‘rtacharoq, ammo qattiq jamoalar bilan muammolarga duch kelindi. «Atletik», «Betis»...
«Villyareal»ni ham bemalol o‘sha toifaga qo‘shish mumkin. Masalan, bu jamoa o‘tgan yili o‘z maydonida shunday muammolarga uchragan «Real»ni Madridda mag‘lub etib qaytgandi. Jamoa 16-o‘rinda borayotgani kishini chalg‘itadi, «Villyareal» yaxshi salohiyatga ega, so‘nggi olti o‘yinda atigi bir marta g‘alaba qozonganiga e'tibor bermang, bu o‘yinlarda mag‘lubiyat ham kuzatilmagandi - besh durang.
Xullas, mehmonlar qarshiligini yengish uchun «Barselona» odatiy o‘yinlaridan biroz yaxshiroq harakat qilishi lozim bo‘ladi. Xuddi, «Real» yoki «Sevilya» bilan o‘yinlardagi kabi. Aks holda o‘yin «Betis» bilan bo‘lgani kabi tus olib ketishi hech gap emas.
Boshqa fakt esa, bu o‘yinda mezbonlar aniq gol urishlariga dalolat qiladi. 2004 yildan beri «Barselona» o‘z maydonida «Villyareal» darvozasiga doim gol urib kelyapti.
La Liga
14-tur
30 noyabr, juma
«Rayo Valekano»—«Eybar» 1:0
1 dekabr, shanba
«Selta»—«Ueska» 17:00
«Valyadolid»—«Leganes» 20:15
«Xetafe»—«Espanol» 22:30
«Real Madrid»—«Valensiya» 00:45
2 dekabr, yakshanba
«Betis»—«Real Sosedad» 16:00
«Jirona»—«Atletiko Madrid» 20:15
«Barselona»—«Vilyarreal» 22:30
«Alaves»—«Sevilya» 00:45
3 dekabr, dushanba
«Levante»—«Atletik Bilbao» 01:00
Turnir jadvalidagi holat

Angliya
ARSeNAL - TOTTeNHEM (2 dekabr, 19:05)

Londonning eng qo‘hna va eng katta derbilaridan biri. Bu safar jamoalar turnir jadvalida ham ancha yaqin joylashishgan, masalan, «Arsenal» g‘alaba qozonsa, «Tottenhem»dan o‘tib ketadi. Bu kuchli to‘rtlik uchun kurashlarda muhim ahamiyat kasb etadigan to‘qnashuv.
«Arsenal»ning barcha musobaqalardagi o‘yinlar qo‘shib hisoblansa, mag‘lubiyatsiz seriyasi 18ta o‘yinga yetdi. Emeri shogirdlari oxirgi marta 2-turda, 18 avgust kuni «Chelsi»ga yutqazgan edi. Seriyani yanada uzaytirish uchun eng qiyin davrlar yaqinlashmoqda - bu derbidan keyin «Arsenal» «Old Trafford»ga ham safar qiladi.
Albatta, juda g‘alaba bo‘lmasa ham, xuddi «Liverpul» bilan bo‘lganidek, duranglar bilan seriyani cho‘zib turish mumkin. Ammo «Tottenhem» bu safar durangni uncha yoqtirmayapti. Pochettino shogirdlari mavsumning 13 turida birorta ham durang natija qayd etishgani yo‘q. Chempionlar Ligasidagi ikki g‘alabani ham qo‘shsak, «Tottenhem» qatorasiga 6 o‘yindan beri faqat g‘alaba qozonib kelmoqda. Demak, har ikki jamoaning ham sport formasida joyida.
So‘nggi yillarda «Arsenal» ashaddiy raqibini yutishi qiyinlashib bormoqda. O‘tgan yili «Emiraytes»dagi g‘alabagacha 7 o‘yinda yutuqsiz qolayotgandi. O‘z navbatida, «Arsenal» mezbon hisoblangan so‘nggi 25 o‘yinning atigi 1tasida «Tottenhem» yuta olgan xolos.
Jarohatlarga kelsak, Denni Uelbek mavsum oxirigacha safdan chiqqa, Nacho Monreal oy o‘rtalarida maydonga qaytishi mumkin. Shuningdek, Aleksandr Lyakazettning ham o‘ynashi so‘roq ostida. Mehmonlar tarkibida esa, yo‘qotishlar jiddiy. Sanches, Tripe, Dembele, Vanyama kabi futbolchilar jamoaga yordam bera olmasligi aniq.
Yevrokuboklar har ikki jamoaning ham diqqatini jalb qilgan. «Arsenal» raqibidan bir kun keyin maydonga tushib, dam olish uchun kamroq imkoniyatga ega bo‘lsa-da, aslida teskari. «Tottenhem» «Inter»ga qarshi juda muhim o‘yinda maydonga tushdi, «Arsenal» esa, Yevropa Ligasida barcha masalani hal qilib bo‘lgan. Emeri «Vorskla»ga qarshi o‘yinda asosan yoshlar va ikkinchi tarkibni sinab ko‘rdi. Ya'ni, bu borada «qizillar»da ustunlik bor.
LIVeRPUL - EVeRTON (2 dekabr, 21:15)
Yakshanba kuni Angliya Premer-Ligasida qatorasiga uchta derbi bo‘lib o‘tadi. «Arsenal» va «Tottenhem» o‘yinidan oldinroq «Stemford Brij»da «Chelsi» «Fulhem»ga qarshi o‘ynab ulgurgan bo‘ladi. Uchinchisi esa, Liverpul derbisi.
Derbi bo‘lsa-da, an'anaviy ravishda biz bu o‘yinni qizg‘in kurashlarda kechishini aytsak-da, statistikaga ko‘ra, yuqorida tilga olingan derbiga o‘xshamaydi. «Everton» top-klublarning boshog‘rig‘i sanaladi, to‘g‘ri, ammo aynan Liverpul derbisida u qadar omadli emas. «Ko‘klar» derbida oxirgi marta 2010 yilda g‘alaba qozonishgan, shundan beri yo «Liverpul» yutyapti, yoki durang. Duranglar ham anchagina ko‘p, so‘nggi 18 o‘yinning yarmida g‘olib aniqlanmagan. Ammo natija e'tibori bilan emas, o‘yindagi ajiotaj, keskinlik va qarshilik borasida Liverpul derbisi ham boshqalardan qolishmaydi.
O‘tgan mavsumdagi har ikki o‘yin ham durang bilan tugagan. Xususan, «Enfild»dagi o‘yinda mezbonlar uzoq vaqt davomida hisobda oldinda borib, juda ko‘p vaziyatlarni ko‘kka sovurishgan, o‘yin oxirida esa, Runi penaltidan hisobni tenglashtirgandi.
Tomonlarda jiddiy yo‘qotishlar yo‘q. Faqat Uotfordda qizil kartochka olib maydonni tark etgan Jordan Henderson maydonga tusha olmaydi. Shuningdek, atigi ikki kun oldin Parijda juda qiyin o‘yin o‘tkazgan «Liverpul» raqibiga nisbatan ancha horg‘inroq bo‘lishini mumkin. Shunday bo‘lsa-da, bugungi Klopp jamoasi oldingilardan farq qilmoqda - uch ochkoni olish uchun juda yaxshi o‘ynash ham shart bo‘lmayapti, ko‘pincha.
Angliya premer ligasi
14-tur
30 noyabr, juma
«Kardiff Siti»—«Vulverhempton» 2:1
1 dekabr, shanba
«Nyukasl»—«Vest Hem» 20:00
«Kristal Pelas»—«Byornli» 20:00
«Haddersfild»—«Brayton» 20:00
«Lester»—«Uotford» 20:00
«Manchester Siti»—«Bornmut» 20:00
«Sauthempton»—«Manchester Yunayted» 22:30
2 dekabr, yakshanba
«Chelsi»—«Fulhem» 17:00
«Arsenal»—«Tottenhem» 19:05
«Liverpul»—«Everton» 21:15
Turnir jadvalidagi holat

Germaniya
Bundesligada juma kuni turning birinchi uchrashuvida «Fortuna D» «Maynts»ni qabul qildi va 0:1 hisobida yutqazdi.
Chempionat peshqadami «Borussiya Dortmund» bugun «Frayburg»ni sinovdan o‘tkazadi. «Bavariya» esa mazkur turda safarda Bremenning «Verder» klubiga qarshi maydonga tushadi. Ikki o‘yin ham Toshkent vaqti bilan soat 19:30da boshlanadi.
Turning markaziy o‘yinlaridan biri esa Hoffenhaymda bo‘lib o‘tadi. Unda mezbon «Hoffenhaym» «Shalke-04»ni qabul qiladi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 22:30da boshlanishi belgilangan.
Bundesliga
13-tur
30 noyabr, juma
«Fortuna D»—«Maynts» 0:1
1 dekabr, shanba
«Hannover»—«Herta» 19:30
«Borussiya D»—«Frayburg» 19:30
«Shtutgart»—«Augsburg» 19:30
«Verder»—«Bavariya» 19:30
«Hoffenhaym»—«Shalke-04» 22:30
2 dekabr, yakshanba
«Leyptsig»—«Borussiya M» 19:30
«Ayntraxt F»—«Volfsburg» 22:00
3 dekabr, dushanba
«Nyurnburg»—«Bayyer Leverkuzen» 00:30
Turnir jadvalidagi holat

Mavzuga oid
14:18 / 01.06.2026
«Keyingi yil YeChL uchun qaytamiz». «Arsenal» Londonda chempionlik paradi o‘tkazdi
15:43 / 31.05.2026
Parijda «PSJ» fanatlari tartibsizlik keltirib chiqardi – fotolar
00:04 / 31.05.2026
«PSJ» ketma-ket ikki marta YeChL g‘olibi bo‘ldi
12:01 / 25.05.2026