Sport | 19:42 / 03.12.2018
23170
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvaning “Lokomotiv” klubi futbolchisi o‘lik holda topildi

Moskvaning “Lokomotiv” klubi futbolchisi, 30 noyabrda izsiz yo‘qolgan Aleksey Lomakin o‘lik holda topildi. Futbolchi 18 yoshda bo‘lgan. 

Ichki ishlar idoralaridagi manbaning ma'lum qilishicha, futbolchining jonsiz tanasi Moskva janubida, Borisovskiye prudi ko‘chasidagi daryo bo‘yida zo‘ravonlik alomatlarisiz topilgan. Klub futbolchining o‘limini tasdiqlagan. 

Avvalroq Lomakinning onasi o‘g‘lining yo‘qolgani sababli politsiyaga murojaat qilgan. Uning aytishicha, o‘g‘li 30 noyabrda “Lokomotiv”ning tibbiy markaziga protseduralardan o‘tish uchun kelgan va o‘sha yerda tunab qolgan, so‘ngra aloqaga chiqmay qo‘ygan. Keyinroq futbolchining onasi o‘g‘li do‘sti bilan spirtli ichimlik ichganini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Biroq Lomakinning do‘sti futbolchi bilan qanday vaqt o‘tkazishganini eslay olmagan. 

Futbolchining telefoni 2 dekabrda taksida topilgan.

Yarim himoyachi klubning yoshlar jamoasi uchun to‘p surgan. U oxirgi o‘yinini 2018 yil sentabrda Moskvaning “Dinamo” klubiga qarshi o‘tkazgan. Futbolchi “Lokomotiv” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan. U 2018/2019 yillardagi mavsumda 3 o‘yin o‘tkazgan.

Mavzuga oid