Iqtisodiyot | 17:26 / 04.12.2018
19649
10 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank O‘zbekistondagi makroiqtisodiy vaziyat uchun asosiy xatarlarni ma'lum qildi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki monetar siyosatning 2019 yil va 2020-2021 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlarni ishlab chiqdi. Unda O‘zbekiston makroiqtisodiy rivojlanish ssenariylaridagi asosiy xatarlar ham ma'lum qilingan.

Rossiya va asosiy hamkor davlatlarda iqtisodiy holat kutilgandan ko‘ra yomonlashadi

Bunda, birinchi navbatda, xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi qisqaradi, eksport tushumlari kamayadi. Ikkinchi ta'sirlar orasida valyuta bozorida taklif kamayishi; milliy valyuta kursiga devalvatsion bosim vujudga kelishi; milliy valyutadagi depozitlar kamayishi; inflyatsion bosim kuchayishi mavjud.

Choralar orasida hukumat bilan birgalikda ichki valyuta bozoridagi keskin tebranishlarni yumshatish choralari ko‘rilishi; pul-kredit sharoitlari yanada qat'iylashtirilishi; pul-kredit siyosati instrumentlaridan foydalanish davriyligi va hajmlarini oshirish orqali bank tizimidagi likvidlilik miqdori kamaytirilishi va milliy valyutadagi depozitlar jozibadorligi oshirilishi bor.

Asosiy eksport tovarlari narxlari pasayishi

Birinchi navbatda, eksportdan valyuta tushumlari pasayadi, devalvatsion bosim vujudga keladi.

Shuningdek, eksportyor korxonalar moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelishadi; kreditlarni qaytarish bo‘yicha xatarlar kuchayadi; ichki investitsiyalar hajmi kamayadi.

Choralar orasida valyuta almashuv kursining avtomatik stabilizator funksiyasini bajarishiga imkon berilishi; qarorlar qabul qilishda real effektiv kurs dinamikasiga asosiy e'tibor qaratilishi; iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarida yuzaga kelgan muammolarni bank tizimiga o‘tkazmaslik uchun prudentsial talablar kuchaytirilishi bor.

AQSh dollar indeksining oshishi

Birlamchi ta'sir - asosiy savdo hamkor davlatlar milliy valyutalari kurslari qadrini pasaytiradi.

Ikkilamchi ta'sir - xalqaro pul o‘tkazmalari hajmini qisqartiradi; devalvatsion kutilmalarni kuchaytiradi.

Choralar orasida kommunikatsion kanaldan keng foydalanilgan holda aholi va biznes vakillariga milliy valyuta almashuv kursi o‘zgarishining fundamental faktorlari batafsil tushuntirib borilishi; ichki valyuta bozoridagi keskin tebranishlarning oldi olinishi; milliy valyutadagi aktivlar jozibadorligini oshirishga qaratilgan siyosat yuritilishi bor.

Yetakchi markaziy banklar tomonidan pul-kredit siyosatining qat'iylashtirib borilishi

Birlamchi ta'sir - investitsiyalarning rivojlanayotgan mamlakatlardan rivojlangan mamlakatlarga chiqib ketishiga olib keladi; asosiy savdo hamkor mamlakatlarda iqtisodiy o‘sishning pasayishiga va inflyatsiyaning oshishiga olib keladi.

Ikkilamchi ta'sir - asosiy savdo hamkor mamlakatlarda eksport tovarlarga bo‘lgan talabni pasaytiradi; asosiy savdo hamkor mamlakatlardan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni kamaytiradi; mazkur davlatlardan import qilishni rag‘batlantirib, to‘lov balansi joriy hisobvarag‘iga bosim o‘tkazadi.

Choralar orasida xalqaro moliya muassasalaridan uzoq muddatli investitsiyalarni jalb qilish, investitsion muhitni yaxshilash va iqtisodiy o‘sishning ichki imkoniyatlariga tayanishga e'tibor qaratish bo‘yicha hukumatga tegishli takliflar kiritib borilishi; investitsiyalar va ichki valyuta bozordagi o‘zgarishlarning narxlar barqarorligiga ta'siri o‘rganib borilishi, zarur hollarda pul-kredit instrumentlaridan faol foydalanilishi bor.

Bunda o‘rta muddatli istiqbolda asosiy savdo hamkor davlatlardagi iqtisodiy holatning sezilarli darajada yomonlashuvi, asosiy eksport mahsulotlarining jahon bozoridagi narxlari pasayishi, iqtisodiyotni erkinlashtirish bo‘yicha islohotlarning sekinlashishi yoki kutilgan natijaga erishilmaslik, iqtisodiyotni markazlashgan manbalar hisobidan imtiyozli kreditlash hajmlarining kengayishi, davlat byudjyeti taqchilligining belgilangan me'yorlardan oshib ketishi ko‘zda tutiladi.

Turli kutilmagan omillar ta'sirida (neft narxining kutilganidan ham sezilarli darajada pasayib ketishi, sanksiyalarning kuchaytirilishi va boshqalar) Rossiya rubli va Qozog‘iston tengesining keskin qadrsizlanishi natijasida xorijdan yuborilayotgan pul o‘tkazmalari hajmining hamda qimmatbaho va rangli metallar, boshqa asosiy eksport mahsulotlari narxining keskin pasayishi natijasida eksport hajmining sezilarli darajada kamayib ketishi kuzatilishi mumkin.

Tashqi iqtisodiy sharoitlarning yomonlashuvi birinchi navbatda mamlakatning tashqi savdo balansida o‘z aksini topadi va xorijdan pul o‘tkazmalari hajmini qisqartiradi. Bunday sharoitda milliy valyuta almashuv kursi qadrsizlanib, bu import qilinadigan tovar va xomashyo narxlari orqali ichki narxlar oshishiga olib keladi.

Shuningdek, asosiy savdo hamkorlarimizning ayni vaqtda mamlakatimizga kirib kelayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalardagi ulushi ham yuqoriligini inobatga olsak, ularda makroiqtisodiy holatning nobarqarorlashuvi investitsiyalar kanali orqali almashuv kursiga qo‘shimcha ta'sir ko‘rsatadi. Bunday sharoitda aholi va biznes sub'yektlarining inflyatsion kutilmalari yuqori bo‘ladi hamda joriy inflyatsiya yuqori darajada saqlanib qoladi.

Tashqi sharoitlarning yomonlashuvi olib borilayotgan tarkibiy islohotlarni sekinlashtirib, ularning samaradorligini pasaytiradi va kutilayotgan natijalarni ortga suradi. Xususan, davlat korxonalarini isloh qilish va boshqariladigan narxlarni erkinlashtirish bo‘yicha ko‘zlangan maqsadlarga o‘z vaqtida erishilmaydi.

Asosiy tarmoqlardagi davlat tasarrufidagi monopol korxonalar xususiylashtirilishi ortga suriladi, ichki bozorda raqobat paydo bo‘lmaydi va ichki narxlar o‘sishda davom etadi. Shuningdek, soliq ma'muriyatchiligida kamchiliklar saqlanib qolayotgan sharoitda kichik korxonalarga nisbatan soliq yukining oshirilishi va tovarlar importiga nisbatan ma'muriy cheklovlarning kuchaytirilishi natijasida “yashirin iqtisodiyot” hajmi yanada kengayishi mumkin.

 

Xatarli ssenariy o‘rta muddatli istiqbolda ob-havo sharoitlarining noqulay kelishi hisobiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmlari va ularning ichki bozorga taklifi kamayishini ko‘zda tutadi.

Ushbu xatarlarning bir qismi yoki hammasi yuzaga kelgan sharoitda inflyatsiya asosiy ssenariyga nisbatan sezilarli darajada yuqori bo‘ladi. O‘z navbatida, 2019 yilda inflyatsiya darajasining 17–18 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Bunday holatda Markaziy bank asosiy ssenariyga nisbatan yanada qat'iyroq pul-kredit siyosatini yuritadi va qat'iy sharoitlarni asosiy ssenariyga nisbatan uzoqroq davrgacha saqlab qoladi. Inflyatsion jarayonlarni jilovlash maqsadida keskin choralar majmui ishlab chiqiladi. Bunda Markaziy bank asosan foiz siyosatining likvidlilikni jalb etish instrumentlaridan foydalanadi.

Bank tizimidagi likvidlilikning imkon qadar past darajasini saqlab qolishga e'tibor qaratilib, banklararo pul bozoridagi foiz stavkalari joriy inflyatsiya ko‘rsatkichlaridan ijobiy darajada bo‘lishiga va ular o‘rtasida farqning musbat bo‘lishiga erishish vazifasi Markaziy bankning operatsion maqsadi sifatida qaraladi.

Ushbu ssenariyda asosiy foiz stavkasining o‘zgartirilishi keskin tus olishi mumkin. Bunda milliy valyutadagi aktivlarning jozibadorligini oshirish, inflyatsion jarayonlarni yumshatish va devalvatsion bosimni pasaytirish maqsadida Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi darajasi oshirish tomonga ko‘rib chiqiladi. Bunda aholi va tadbirkorlarning milliy valyutaga bo‘lgan ishonchi hamda milliy valyutada jamg‘arishga bo‘lgan moyillikni bosqichma-bosqich oshirish va oldindan aniqlay olish mumkin bo‘lgan sharoit yaratish maqsadida pul-kredit siyosatining yangi instrumentlari joriy etiladi.

Ushbu ssenariyga ko‘ra, kreditlash hajmlari o‘sishining 2018 yildagi kabi yuqori darajada (banklar kredit portfeli yillik o‘rtacha 30-40 foizga o‘sishi) davom etishi iqtisodiyotdagi pul oqimlarining nomutanosibligiga sabab bo‘lib, inflyatsiya sur'atlarining tezlashishi, valyuta kursiga devalvatsion bosimning kuchayishi kabi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, iqtisodiyotda qarzdorlik yukining ortib borishi natijasida keyingi davrlarda ularni qaytarish bilan bog‘liq moliyaviy muammolar keskin tus olishi mumkin. Bunday sharoitda Markaziy bank banklar uchun kreditlashga bo‘lgan talablarni oshiradi va prudentsial talablar kuchaytiriladi. Aks holda ushbu ajratilgan kreditlar iqtisodiyotda iste'mol talabini qo‘shimcha oshirishga yoki xorijiy valyutaning mamlakatdan chiqib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Xatarli ssenariyda tashqi savdo saldosi asosiy ssenariydan yuqoriroq hajmda bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bunda 2019–2021 yillarda import ko‘rsatkichlari bazaviy ssenariyga nisbatan 20–25 foizgacha ko‘proq bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Valyuta bozorida almashuv kursining keskin tebranishlari kuzatilgan sharoitlarda kurs hamda bozordagi talab va taklif darajasini barqarorlashtirish maqsadida Markaziy bankning ichki valyuta bozoriga intervensiyalaridan foydalaniladi. Bunda valyuta kursining fundamental trendiga ta'sir etmagan holda bozorda shakllangan talab darajasidan kelib chiqib intervensiyalar siyosati muvofiqlashtirib boriladi.

Ikkala ssenariyda ham moliyalashtirish shartlarini belgilashda ehtiyotkorona yondashuvdan foydalaniladi. Inflyatsiya darajasi, inflyatsion kutilmalar va inflyatsion bosim darajasini inobatga olib pul-kredit sharoitlari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Markaziy bank yuqorida keltirilgan ssenariylarda ko‘zda tutilmagan, lekin inflyatsiya dinamikasiga ta'sir etishi mumkin bo‘lgan boshqa xatarlar yuzaga kelishini inkor etmadi. Bu borada pul-kredit siyosati tomonidan ko‘riladigan javob choralari to‘plami ushbu xatarlarning inflyatsion jarayonlar va kutilmalarga ta'siri ko‘lami hamda davomiyligi asosida ishlab chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda davlatning bank sektoridagi ishtiroki kamaytirilishi xabar qilingandi.

Mavzuga oid