O‘zbekiston | 09:39 / 04.12.2018
5929
4 daqiqa o‘qiladi

Mamlakatning kimyoviy, biologik, radiatsiya va yadro xavfsizligi qanday ta'minlanadi?

Foto: Aleksandr Mamayev/URA.RU

Vazirlar Mahkamasining 27.11.2018 yildagi 968-son qarori bilan 2018–2021 yillarda ushbu sohadagi xalqaro hujjatlarni bajarish yuzasidan Milliy harakatlar rejasi tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
 
Qabul qilingan Reja O‘zbekiston atrofida mintaqada barqarorlik hamda yaqin qo‘shnichilikni saqlash prinsiplariga asoslangan xavfsizlik poyasini tashkil qilish, xorijda mamlakatning ijobiy nufuzini yanada mustahkamlash, tegishli xalqaro hujjatlarning to‘liq bajarilishini ta'minlashga qaratilgan.
 
Rejani amalga oshirish uchun ishchi guruhning shaxsiy tarkibi tasdiqlangan. «Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasi mas'ul idora etib tayinlangan.
 
Reja 7 ta yo‘nalish bo‘yicha tadbirlarni o‘z ichiga oladi:
 
I. BMT Xavfsizlik kengashining 1540-son rezolyutsiyasini bajarish. Ushbu yo‘nalish doirasida O‘zbekistonni xalqaro terrorizmga qarshi quyidagi hujjatlarga a'zo qilish rejalashtirilmoqda:

• Urushda bo‘g‘uvchi, zaharli yoki boshqa shunga o‘xshash gazlar va bakteriologik vositalarni qo‘llashni taqiqlash to‘g‘risidagi bayonnomaga (17.06.1925 yil, Jyeneva);
• 10.09.2010 yildagi Xalqaro fuqarolik aviatsiyasiga nisbatan noqonuniy hujjatlarga qarshi kurashish to‘g‘risidagi konvensiyaga.
 
II. Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) bilan tuzilgan Bitimlar va Shartnomalarni bajarish. MAGATE tadbirlarida ishtirok etish, ikki xil maqsadda qo‘llaniladigan tovarlar va texnologiyalarning eksport-importi nazoratini tartibga solgan holda ularning milliy ro‘yxatini ishlab chiqish va boshqalar nazarda tutilgan.
 
III. Kimyoviy, biologik (bakteriologik) va zaharli qurol-yarog‘larni taqiqlash bo‘yicha konvensiya talablarini bajarish. Har yili Kimyoviy qurol-yarog‘larni taqiqlash bo‘yicha tashkilotga e'lonlar, hisobotlar va ma'lumotlarni taqdim etish, uning tadbirlarida ishtirok etish va boshqalarni taqozo etadi.
 
IV. Kimyoviy, biologik, radiatsiya va yadro materiallari ta'siri xatarlarini kamaytirish bo‘yicha talablarni bajarish. Tegishli loyihalar, kimyoviy tahdidlarga munosabat bildirish bo‘yicha «Jayron» maxsus taktik o‘quv mashg‘uloti va boshqalarni o‘tkazish ko‘zlangan.
 
V. Vazirliklar va idoralarning moddiy-texnikaviy bazasini mustahkamlash. Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston-Tojikiston chegarasidagi chegara bojxonalarini radiatsiya nazorati uskunalari bilan ta'minlash, FVV oldingi safidagi ofitserlarning moddiy-texnikaviy bazasini yaxshilash va boshqalar rejalashtirilmoqda.
 
VI. Kadrlar salohiyatini oshirish. «Maksam-Chirchiq», «Ammofos-Maksam», «Farg‘onaazot», «Navoiyazot» AJ, «Qo‘ng‘irot soda zavodi» UKda ko‘rgazmali maxsus taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Maqsad – kuchli ta'sir etuvchi zaharli moddalar chiqarilishi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarda qutqaruv mashqlarini bajarish.
 
VII. Kimyoviy, biologik, radiatsiya va yadro xavfsizligini ta'minlash sohasidagi tashkiliy-amaliy tadbirlar. Quyidagi konvensiyalarga a'zo bo‘lishning maqsadga muvofiqligi o‘rganiladi:

• Minamata (Kumamoto shahri, Yaponiya, 10.10.2013 yil);
• xalqaro savdoda ayrim xavfli kimyoviy moddalar va pestitsidlarga nisbatan oldindan asoslantirilgan rozilik berish tartib-taomili to‘g‘risida (Rotterdam shahri, Niderlandiya, 10.09.1998 yil);
• yadro avariyasi to‘g‘risida tezkor xabar berish to‘g‘risida.
 
Tadbirlarni bajarish mexanizmlari va muddatlari, shuningdek kutilayotgan natijalar qayd etilgan.
 
Hujjat 28.11.2018 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid