O‘zbekiston | 14:14 / 05.12.2018
5446
5 daqiqa o‘qiladi

Biznesga tekshiruvlar yagona tizimiga kirishga ruxsat beriladi

Foto: CC0 / Pixabay

Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimini yuritish tartibi haqidagi nizom tasdiqlandi.
 
Norma’ning yozishicha, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinishi shart. Ro‘yxatga olinmagan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.
 
Tizim sentabr oyidan boshlab pilot rejimida faoliyat yuritmoqda, 2019 yil 1 yanvardan esa uning to‘laqonli versiyasi ishga tushiriladi. Unga qadar tekshiruv o‘tkazishni kelishish bilan bog‘liq bo‘lgan yozishmalar qog‘oz shaklida rasmiylashtiriladi.
 
Nima kiritiladi, nima kiritilmaydi
 
Tizimga kiritiladigan va unga kiritilmaydigan ma'lumotlar belgilandi. Birinchisiga kelishish uchun buyurtma, tekshiruv to‘g‘risida ma'lumotlar, monitoring va tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida aniqlangan qonunbuzishlarni bartaraf qilish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar kiradi.
 
Tizimga:

• davlat siri bilan bog‘liq bo‘lgan ma'lumotlar;
• tekshiruv natijasida aniqlangan bank siriga oid ma'lumotlar kiritilmaydi.
 
Faoliyat yuritish algoritmi
 
Tizim bilan ishlash bosqichma-bosqich tuziladi:
 
• Tizimda ro‘yxatdan o‘tkazish. Nazorat qiluvchi organning mas'ul xodimi Tizimda prokuratura.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tadi. Login va parol bir marta beriladi (muhrlangan konvertda yuboriladi). Mas'ul xodim o‘zgarganda login va parol yangi xodimga o‘tkaziladi, nazorat qiluvchi organ esa bu haqda Bosh prokuraturaga xabar beradi;
 
• kelishish uchun buyurtma kiritish yoki xabardor etish tartibida tekshiruv o‘tkazilishi haqida ma'lumot kiritish.Keyingi harakatlar tekshiruv turiga bog‘liq. Eslatib o‘tamiz, ular tabaqalashtiriladi: ularning bir qatori prokuratura organlari bilan kelishilgan holda o‘tkaziladi, boshqalari esa – xabardor etish tartibida o‘tkaziladi.
 
Agar tekshiruv kelishilgan holda o‘tkazilsa, Tizimga buyurtma kiritiladi. Prokuratura uni 3 ish kunida (favqulodda vaziyatlarda – 1 kun) ko‘rib chiqadi. Shundan keyin unga elektron formatda “Ruxsat berilsin” yoki rad etish sababi ko‘rsatilgan holda “Rad etilsin” maqomi beriladi. Rad etish sabablari bartaraf etilganda, buyurtma yangidan rasmiylashtiriladi.
 
Agar tekshiruv xabardor etish tartibida o‘tkazilsa, uni o‘tkazish to‘g‘risida ma'lumot kiritilgandan keyin avtomatik ravishda maxsus raqam (kod) generatsiya qilinadi. Nazorat qiluvchi organning tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i va tasdiqlovchi hujjatlar yoki tekshiruv o‘tkazish yuzasidan tasdiqlangan grafik Tizimga kiritilgandan so‘ng tekshiruv amalga oshiriladi.
 
Aniqlangan va qayd etilgan (o‘tkazilgan tekshiruv natijalari bo‘yicha tuzilgan dalolatnomada) qonun buzilishi holatlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar tekshiruv yakunlangandan so‘ng 3 ish kuni ichida Tizimga kiritiladi. Tadbirkorlik sub'yektiga nisbatan qo‘llanilgan ta'sir choralari to‘g‘risidagi ma'lumotlar ham ular qo‘llanilgandan so‘ng 3 ish kunidan kechiktirmasdan kiritiladi.
 
Biznes uchun kirish – ro‘yxatdan o‘tish orqali
 
Tadbirkorlik sub'yektlari o‘tkazilayotgan tekshiruv haqidagi axborotni SMS ko‘rinishida va onlayn rejimida Internet orqali olishlari mumkin. Buning uchun Tizimda ro‘yxatdan o‘tish va so‘rov berish zarur bo‘ladi.
 
Tizim ma'lumotlarni avtomatik ravishda tahlil qiladi va agar ular to‘g‘ri bo‘lsa, biznes tekshiruv, uni amalga oshiruvchi organ, shuningdek barcha o‘tkazilgan tekshiruvlar to‘g‘risidagi ma'lumotlardan tekshirish kunidan boshlab foydalanadi (faqat tanishish uchun).
 
Agar so‘rov bo‘yicha Tizimda ro‘yxatga olinmasdan tekshiruv o‘tkazilganligi aniqlansa, Tizim bu haqda prokuratura xodimini avtomatik ravishda xabardor qiladi.
 
Hujjat 1.12.2018 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid